Gretsiya poytaxti Afina shahrida sport kurashlari bo‘yicha U17 yosh toifasidagi jahon chempionati davom etmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta oltin medalni naqd qildi.
Yunon-rum kurashi bo‘yicha vazni 48 kilogrammgacha bo‘lgan Bunyod Hasanov jahon chempionligi uchun qozog‘istonlik Nurdavlat Kumaruliga qarshi gilamga chiqdi va 10:1 hisobida zafar quchdi. Shuningdek, 80 kilogrammgacha vaznda hamyurtimiz Abdulaziz Xolmirzayev so‘nggi hal qiluvchi final uchrashuvini gruziyalik Luka Martiashviliga qarshi o‘tkazib, yakunda 14:7 hisobida g‘olib bo‘ldi.

Endi yunon-rum kurashi bahslarida yana ikki nafar polvonimiz final bosqichida gilamga chiqadi. Dastlab -51 kilogrammgacha vaznda Otabek Tursunov ozarbayjonlik Hikmat Hagverdiyev bilan oltin medal uchun kurashcha, -71 kg. toifasida Behruzbek Valiyev gretsiyalik Dimitrios Soulisga qarshi chempionlik da’vosida gilamga chiqadi.
Ma’lumot o‘rnida, ertaga jahon chempionatining ayollar kurashi bo‘yicha dastlabki finalchilar aniqlanadi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston terma jamoasi quyidagi tarkibda ishtirok etadi:
-40kg: Shohista Shonazarova;
-43kg: Muxlisa Masharipova;
-49kg: Mashhura Abdumusayeva;
-65kg: Muhayyo Rahimjonova;
-69kg: Dilrabo Dulliyeva
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA