Qaror va ijro
Nosir damaschinikida hashar bo‘layotgan emish. Zokir raisning to‘yida o‘n chog‘li mehmonga joy yetmay qolibdi. Qodir cho‘ponning qizi o‘qituvchilikka o‘qishga kiribdi. Oygul chevarning bolasi esa uchinchi yil ham yiqilibdi. U endi qishloqqa bormayman, qanday bosh ko‘tarib yuraman deganmish...
Yaxshimi, yomonmi xabar degan narsaning qanoti bo‘ladi. Xullas, mahallada hamisha duv-duv gap bo‘ladigan mavzular ko‘p.
Bunaqa aniq manzilli, ko‘pchilik biladigan va tushunadigan xabarlar mahallalarda bo‘ladi.
Mahalla – bu oddiy bir manzil nomi emas, balki xalqimizning qadimiy va o‘ziga xos ijtimoiy institutidir. U jamiyatda har doim xabardorlik, birdamlik, hamjihatlik va mehr-oqibat o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Ushbu tuzilma nafaqat an’analarni saqlaydi, balki aholi farovonligi va tinchligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Xalqimizda bir bolaga yetti mahalla ota-ona degan gap bor. Bu ibora bir bolaning tarbiyasi faqat uning ota-onasi zimmasida emasligini anglatadi. Bunda jamiyat, mahalla, qo‘shnilar, qarindoshlar va atrofdagi kattalar ham javobgar degan qadriyat bor. Bola deyilganda mahallaning kelajagi ham nazarda tutiladi. Xalq iboralarida mana shunday ramziy jihatlar ham bor.
Agar bir bola noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolsa, faqat uning oilasi emas, balki mahallaning halovati yo‘qoladi. Mahallada mamlakatda bo‘layotgan o‘zgarishlar nafasi sezilib turadi degan gapda hech qanday mubolag‘a yo‘q.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni mahallada jinoyatchilikni jilovlash va qonun ustuvorligini ta’minlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishgan edi. Bu mamlakatda aholi tinchligi va farovonligi, mahallalar osoyishtaligi Prezidentning doimiy e’tiborida bo‘lgan yo‘nalish ekanini anglatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil boshida – 3 yanvarda “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolangan edi.
Mazkur qarorda soha idoralari uchun 2025 yilda har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa etib belgilangandi. Shuningdek, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarga mas’ul rahbarlar nomma-nom biriktirildi.

O‘tgan davrda har bir viloyat, tuman va mahalla bo‘yicha manzilli “yo‘l xaritalari” asosida ijtimoiy profilaktikaning samarali tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jamoat joylarini raqamlashtirish qamrovi oshirilmoqda. Huquq-tartibot oliygohlari tomonidan ilmiy-amaliy o‘rganishlar o‘tkazildi.
Alohida e’tibor voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar va oila-turmush munosabatlari doirasidagi jinoyatchilikni jilovlashga qaratildi. Buning natijasida besh ming ikki yuzta mahallada birorta ham jinoyat bo‘lmadi.
– Davlatimiz rahbari taqdimotda 3 yanvardagi Prezident qarori ijrosi qanday borayotganiga alohida e’tibor qaratdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov. – Bu borada qilingan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Shuni alohida ta’kidlash joiz, joriy yilning o‘tgan olti oyida mamlakatimiz mahallalarining ellik besh foizida birorta jinoyat sodir etilmadi. Bu raqamlar bilan ortiqcha xotirjamlikka berilmasdan, yil yakuniga qadar sakkiz yuz yigirma yettita qizil toifadagi mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Darhaqiqat, endi profilaktika inspektorlari, tezkor-qidiruv, patrul-post va qo‘riqlash xizmati faoliyati kuchaytirilib, aholi xavfsizligi joylarda ta’minlanadi. Butun tizimni pastga tushirib, har bir mahallani “jinoyatchilikdan xoli hudud”ga aylantirish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, ta’lim va malaka dasturlarini zamonaviy xavf-xatarlarga moslashtirish, xodimlarning jangovar hamda ruhiy shayligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Aholi farovonligi faqat iqtisodiy boylik bilan belgilanmaydi. Ijtimoiy muhit, tinchlik va tartib-intizom kabi omillar farovonlikni to‘kis qiladi. Mana shu jihatdan mahalla har bir insonning hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Agar mahallada xotirjamlik, adolat va mehr bo‘lsa, albatta, odamlar o‘zini xavfsiz va bag‘rikeng muhitda his qiladi.
Mahalla jamiyatning tayanchi. U odamlarni jipslashtiradi, yurtda tinchlikni mustahkamlaydi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri