JSST ma’lumotiga ko‘ra, har yili dunyoda 325 millionga yaqin odam gepatit B virusi va kamida 200 million kishi gepatit C virusi bilan kasallanmoqda. 2020 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, har yili 500-700 ming kishi gepatit B infeksiyasi, 350 mingdan ortiq bemor gepatit C asoratlari tufayli vafot etadi. Butunjahon gepatit alyansining 2021 yil iyul oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, gepatit B va C virusi sababli har yili 1,4 million odam vafot etadi. Bu esa OIV/OITS va bezgakdan ko‘proq deganidir.
Bugun ushbu kasallikka qarshi kurashish va uning oldini olish borasida mamlakatimizda ko‘plab chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Xususan, statistikaga ko‘ra, 2023 yilda milliondan ortiq yurtdoshimiz skriningdan o‘tkazilgan va kasallikning yuzlab yangi holatlari aniqlangan. 28 iyul kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida mutaxassislar “Virusli gepatit bilan kurashishning eng samarali yo‘li — erta tashxis va profilaktika” ekanligini ta’kidladilar.
Muloqot davomida shuningdek, milliondan ortiq aholiga o‘tkazilgan skrining natijalari e’lon qilindi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining tegishli qarori doirasida yurtimizdagi 65 dan ziyod oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda ushbu kasallikni aniqlash uchun bepul skrining tashkil etilgan va 2025 yil 30 iyun holatiga respublikada aholining 1 595 589 nafari virusli gepatit “V” turiga, gepatit “S” turiga esa 1 595 760 nafar shaxslar skriningdan o‘tkazilgan.
Natijaga ko‘ra, Respublikada virusli gepatit “V” turiga skriningdan o‘tkazilgan aholining 43 679 nafarida (2,7 foizida) musbat natija, 52 834 nafarida esa virusli gepatit “S” turiga musbat natija aniqlangan. Va, ushbu shaxslarni davolash maqsadida 97 765 ta qadoqdan Sofosbuvir va Daklatasvir virusga qarshi dori vositalari hududlarga taqsimlanib, 20 120 ta bemorlarga tarqatilgan.
Bundan tashqari, kasallik yuqishi xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar, shu jumladan, qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlovchi jami 119 013 ming nafar tibbiyot xodimlari gepatit “V” infeksiyasiga qarshi emlangan va emlanganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantirilgan.
Hozirgi kunda esa Misr Arab Respublikasi tomonidan beg‘araz yordam sifatida yuborilgan gepatit Sga qarshi 60 000 qadoq Daklatasvir va 7 000 qadoq Sofosbuvir dori vositalari gepatit S turi aniqlangan bemorlarga bepul tarqatilmokda. Ma’lumot uchun, Gepatit Sga qarshi dorilarga 4 yil uchun Davlat tomonidan 47 mlrd. so‘m mablag‘ ajratiladi.
Matbuot andjumani yakunida mutaxassislar OAV vakillari tomonidan yo‘llangan savollarga javob berdilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AIJcWeQJtuM" title="Gepatitga qarshi global kurash: O‘zbekiston qanday choralar ko‘rmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, A.Sodiqov, U.To‘xtayev, O‘zA