Qizilqum sahrosining qoq markazida joylashgan Navoiy viloyati zamonaviy infratuzilmasi, qulay lokatsiyasi hamda investorlar uchun jozibadorligi bilan ajralib turadi. Hudud uni bilganlar uchun sanoat, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarishga ixtisoslashgan viloyat sifatida tanilgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda xizmatlar va servis tarmog‘i rivojlanayotgan manzilga ham aylanmoqda.
“O‘zmilliybank” AJning Matbuot xizmati tomonidan OAV vakillari uchun tashkil etilgan press-tur davomida ishlab chiqarish bilan birga xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘zdan kechirildi.
Dastlab ishtirokchilar bankning “Malik rabot” bank xizmatlari markazida bo‘lishdi.

Karmana tumani Erkin iqtisodiy zonasida joylashgan markaz dastlab 5 nafar xodim bilan ish boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda bu yerda 37 nafar ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
“Malik rabot” bank xizmatlari markazi 2012 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ayni paytda 475 ta yuridik, 146 ta yakka tartibdagi tadbirkor va 28 ming 949 nafar jismoniy shaxsga xizmat ko‘rsatadi.
– Mijozlarga qulayliklar yaratish maqsadida bank kassasida 3 ta universal kassa va bankdan tashqarida bir dona chakana amaliyotlar kassasi mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi markaz rahbari Botir Samadov. – Yuridik va yakka tartibdagi tadbirkorlarga 116 ta savdo terminallari ajratilgan. Bankimiz tomonidan joriy yilda hududimizni ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan 3 ta davlat dasturi doirasida 5 milliard so‘m kredit ajratildi. Shuningdek, Prezidentimizning 2023 yil 14 sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida jami 46 ta loyihaga 4 milliard 312 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, 131 nafar ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlandi. “Biznesga birinchi qadam” loyihasi doirasida esa 297 nafar fuqaroga 2 milliard 470 million so‘m kredit ajratildi va ularning bandligi ta’minlandi.

Bugungi kunda bank muassasasi o‘zining 10 ta yirik mijozlariga ega bo‘lib, ular bilan samarali hamkorlik natijasida yangi loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Bu orqali esa yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishilyapti. Bank xizmatlari markazida jismoniy shaxslar bankning “MoneyGram”, “Aziya Ekspress”, “Western Union”, “Zolotaya Korona”, “Contact” pul o‘tkazmalaridan samarali foydalanyapti.

Hech kimga sir emas, keyingi yillarda ta’lim sohasida ham xizmatlar ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Qiziltepa tumanida “Parvoz” xususiy maktabining yangi o‘quv yili uchun qabul jarayonini boshlagani tumanda xususiy ta’limga bo‘lgan ehtiyoj va ishtiyoqning yuqori ekanligidan dalolat beradi.

Umumiy loyiha qiymati 4,3 milliard so‘m bo‘lgan maktabning jihozlanishi uchun bank tomonidan 800 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi.


– Hozirda 1-11-sinflar uchun qabul jarayoni davom etmoqda, – deydi maktab ta’sischisi Oybek Murodov. – Maktabimiz 240 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, darslar bir navbatda olib boriladi. O‘qituvchilarimiz ham saralab olinmoqda. Shu kunga qadar 27 nafar o‘qituvchini ishga oldik. Turmush o‘rtog‘im ham o‘qituvchi, ingliz tili fanidan o‘quvchilarga saboq beradi. Maqsadimiz qishloq hududida sifatli va zamonaviy sharoitga ega ta’limni yo‘l qo‘yishdan iborat. Maktablarda bir sinfda 30-35 nafar o‘quvchi bo‘lsa, bizda 20 ta o‘quvchi ta’lim oladi. Kelgusida xalqaro IELTS imtihonlarini ham yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Buning uchun eng so‘nggi rusumdagi kompyuter jamlanmalarini sotib oldik. Uzoqdan qatnovchi o‘quvchilarimiz uchun transport xizmatini yo‘lga qo‘yish niyatidamiz. Maktabimiz yonida esa xususiy bog‘cha ham ochish rejasi ham bor.
Albatta, bugun Qiziltepa tumanida tadbirkorlar tomonidan yangidan-yangi zamonaviy, kreativ, ekzotik ruhdagi me’morchilik usullaridan foydalanib barpo etilayotgan ob’ektlar ko‘payib bormoqda.

Jumladan, tuman markazida tadbirkor Nuriddin Habibov tomonidan 5 qavatli “XXI ASR” ko‘ngilochar xizmat ko‘rsatish markazi o‘z faoliyatini boshladi. Bu yerda kiyim-kechak do‘koni, ovqatlanish zali, bolalar maydonchasi, mini karting maydoni kabi turli xildagi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari mavjud.
– Tumanimizda bolajonlarning miriqib o‘ynaydigan, dam oladigan o‘yin maydonchalari yo‘q edi. Bayramlarda, dam olish kunlarida ular ota-onasi yoxud biror bir qarindoshi bilan qo‘shni G‘ijduvon tumani yoki Navoiy shahri markazidagi ko‘ngilochar joylarga borishlariga to‘g‘ri kelardi, – deydi Nuriddin Habibov. – O‘zmilliybankdan 2 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘i oldik. Hozirda ko‘rib turganingizdek, 5 qavatli xizmat ko‘rsatish majmuasini ishga tushirdik. Maqsadimiz tumanimiz aholisi va bolajonlarga namunali va sifatli xizmat ko‘rsatish. Shu yo‘lda yangidan-yangi loyihalar ustida ish olib bormoqdamiz.

So‘nggi yillarda yurtimizda aholiga transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash, jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish va harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar bilan yangilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy shahriga “O‘zmilliybank” AJ Navoiy viloyat Bosh boshqarmasi hamda tashabbuskor tadbirkorlar bilan birgalikda Xitoy davlat Taraqqiyot banki xorijiy kredit liniyasi mablag‘lari hisobidan 60 ta avtobus keltirildi.
Hozirda barcha avtobuslar belgilab berilgan yo‘nalishlar bo‘yicha Karmana tuman markazi hamda Navoiy shahri bo‘ylab harakatlanmoqda.
– Biz ham bank ko‘magida Xitoy davlatidan 42 ta zamonaviy avtobus olib keldik, – deydi “NAVSHANTRANSXIZMAT” MCHJ direktori Kamronbek Mirzayev. – Umumiy qiymati 24 million 990 ming Xitoy yuanini tashkil etgan mazkur loyiha uchun “O‘zmilliybank” Navoiy Amaliyot bank xizmatlari markazi tomonidan 21 million 241,5 ming Xitoy yuani miqdorida kredit mablag‘i ajratildi. Hozirda olib kelingan avtobuslar 3 ta yo‘nalish bo‘ylab harakatlanmoqda. Eng asosiysi, shaharda jamoat transporti xizmati yo‘lga qo‘yilishi evaziga 100 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham erishildi.


Press-tur davomida OAV vakillari Navoiy shahrida faoliyat olib borayotgan “Tinchlik Plaza” mehmonxonasining 2-tarmog‘i bilan tanishdilar.
Ushbu mehmonxonada 70 ta zamonaviy xona, 4 ta sauna, yopiq basseyn va o‘ziga xos yozgi basseyn mavjud bo‘lib, dam olish uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, majmuadagi 150 kishiga mo‘ljallangan panoramali ko‘rinishdagi restoran, to‘liq jihozlangan sport zali, konferens-zal va muzokara xonalari o‘ziga xoslikni ta’minlaydi.

Ta’kidlash o‘rinliki, Navoiy shahrining xushmanzara hududda joylashgan ushbu mehmonxona turizm infratuzilmasini kengaytirishda muhim bosqich bo‘lib, xalqaro va ichki sayyohlar oqimi, ishbilarmonlik turizmini rivojlantirish va hududda yangi ish o‘rinlarini yaratishga hissa qo‘shayotganligi bilan ahamiyatlidir.


Press-turning ikkinchi kunida OAV vakillari Navoiy shahrining Sputnik qo‘rg‘onida faoliyat ko‘rsatayotgan “GIDRO-STANKO-SERVIS” MCHJda bo‘lishdi.
Yengil va yuk mashinalari uchun ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchi mazkur korxona 2021 yildan buyon Milliy bankning moliyaviy ko‘magida ishlab chiqarish quvvatini oshirib, o‘z mahsulotlarini ham import, ham eksportga chiqarib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari 2022 yilning noyabr oyida Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida “Gidro stanko servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishib, mutasaddilarga mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edilar.
Navoiy viloyati sanoatlashgan hudud. Shu bois, viloyatda tog‘-kon, metallurgiya, kimyo, energetika korxonalari soni ancha ko‘p. Sanoat uskunalari va ehtiyot qismlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Gidro stanko servis” MCHJ bugun sanoat yo‘nalishida mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish yo‘lida ham samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Ayni paytda korxonada kooperatsiya orqali 100 dan ortiq qurilma va mingdan ortiq turdagi ehtiyot qismlar mahalliylashtirilgan.
Eng e’tiborlisi, bugungi kunda korxonada mahsulotlar turini ko‘paytirish asosiy maqsadga aylangan.
– Korxonamizga zamonaviy uskunalar Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, va boshqa bir qator rivojlangan davlatlardan keltirilib o‘rnatilganligi va ishlab chiqarish jarayonlariga malakali mutaxassislar jalb etilgani ish samaradorligini oshirishda alohida o‘rin tutmoqda, – deydi MCHJ direktori Baxtiyor Hamroyev. – Ishlab chiqarish jarayonlari uchun xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirilib, o‘rnatilishida O‘zmilliybankning moliyaviy ko‘magiga tayanmoqdamiz. Bank bilan hamkorlikda yana yangi loyihalarni amalga oshirish va faoliyatimizni kengaytirish ustida izlanishlar olib bormoqdamiz. Eng muhimi, xorijdan keltirilgan uskunalarning sifati, ish unumdorligi va tezligi yuqori. Bu esa faoliyatimizda juda muhim jarayon hisoblanadi.


Albatta, bank tomonidan tadbirkorlik faoliyatining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi nafaqat iqtisodiy o‘sish samaradorligini oshirmoqda, balki aholining bandligini ta’minlash va turmush farovonligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari