Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan.
Majlis avvalida Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov mamlakatimiz hayotidagi muhim voqeliklar, davlatimiz rahbarining hududlarga tashriflari xususida to‘xtalib, deputatlik birlashmalari oldida turgan vazifalarga urg‘u berdi:
– Bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir hududning o‘ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish orqali aholi farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda mamlakatimiz rahbarining hududlarga amalga oshirayotgan tashriflari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu yil 22 iyul kuni davlatimiz rahbari Jizzax viloyatida bo‘lib, sanoat va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va qator muhim loyihalar bilan tanishib chiqdi. Prezidentimiz yangi loyihalar bilan tanishish chog‘ida investorlarga ko‘maklashish, loyihalarni jadallashtirish, sohaga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlash hamda yoshlar bandligi masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Tashrif davomida Jizzax viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi sanoat va ijtimoiy loyihalar taqdimoti ham ko‘rib chiqildi. Viloyatdagi ishlar chuqur tahlil qilindi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni yanada jadallashtirish bo‘yicha galdagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Jumladan, viloyatning o‘ziga xos salohiyatidan kelib chiqib, sanoat, servis, turizm va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlardagi imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Albatta, tashrif davomida belgilangan maqsadlarga erishishda vakillik organlarining ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, tegishli soha va tarmoqlardagi loyihalar o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan deputatlik nazoratini o‘rnatishda mahalliy Kengashlar bilan yaqindan ishlashimiz lozim. Joylarda aniqlangan masalalarni mahalliy Kengashlar sessiyalarida muhokama qilish, ularning yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqish zarur bo‘ladi. Respublika darajasidagi masalalarni parlament minbariga olib chiqish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiq, – dedi Spiker.
Shuningdek, Spiker 25 iyul kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan «Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon mazmuniga ham to‘xtalib, ushbu hujjat parlament a’zolari zimmasiga ham muayyan mas’uliyat yuklashini qayd etdi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA