Oliy sud plenumining majlisida ayrim fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar hamda tumanlararo ma’muriy sudlarga ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlangan sudyalarning qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi.
Unda Sudyalar oliy kengashining qarorlariga muvofiq sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga tayinlangan 41 nafar sudyaning qasamyodi eshitildi.

Tadbirda Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov yangi tayinlangan sudyalarga fuqarolarning huquqlari hamda erkinliklarini, davlat va jamoat manfaatlarini, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishdan iborat faoliyatida qabul qilgan qasamyodga sodiq bo‘lish zarurligini ta’kidladi.

Buning uchun vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan sidqidildan, halol-pok mehnat qilish, nafaqat sudyalik vakolatini amalga oshirish jarayonida, balki xizmatdan tashqari paytlarda ham Sudyalar odobi kodeksi talablariga og‘ishmasdan, qat’iy rioya etish va boshqalarga o‘rnak bo‘lish, sud hokimiyati obro‘sini, sudyaning sha’ni va qadr-qimmatini tushirish yoki uning beg‘arazligi, xolisligi va adolatliligiga shubha tug‘dirish mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatdan tiyilish shartligini qayd etdi.

Tadbirda ilk bor lavozimga tayinlangan sudyalarga mamlakatimizda boshqa sohalar kabi sud-huquq sohasida ham islohotlar izchillik bilan amalga oshirilayotgan bir davrda bilimlarini doimiy ravishda oshirib borish, ishni ko‘rish bilan cheklanmasdan, muntazam ravishda o‘z ustida ishlash va shaxsiy rivojlanishdan to‘xtamaslik lozimligi aytildi.
Qasamyod qabul qilgan yangi sudyalarga sudyalik guvohnomalari bilan birga "Sudyalarning odobi kodeksi" topshirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA