Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq 30 iyul butun dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni sifatida keng nishonlanadi va ko‘pmillatli xalqimiz tomonidan bu bayram o‘tarinki ruhda kutib olinadi. Shu munosabat bilan 25-31 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Do‘stlik festivali” tadbirlari tashkil etilmoqda.
Toshkent fotosuratlar uyida o‘tkazilayotgan “Do‘stlik nigohi” qardosh xalqlar fotosuratlari ko‘rgazmasi ham festival doirasida tashkil etilib, unda milliy markazlar, do‘stlik jamiyatlari bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tayotgan turli tadbirlar, yurtimizda istiqomat qilib kelayotgan millat va elat vakillarining turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari aks etgan.
Ushbu ko‘rgazma orqali bag‘rikeng xalqimizning millatlararo totuvlik, o‘zaro do‘stlik rishtalarini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari ham fotosuratlar orqali keng namoyish qilingan.
Albatta bunday tadbirlarda turli millat va elat o‘rtasidagi ezgulik, atrofdagilarga mehr-muruvvat ko‘rsatishga da’vat etuvchi g‘oya mujassam bo‘lib, barchani umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilishga, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy va do‘stlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/_rCPEUMH9lQ?si=-WoraX0SOZ57a4hw" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, O‘zA