“Ember Global Electricity” xalqaro energetika tahlil markazi tomonidan e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish 2024 yilda 474 teravatt-soatga o‘sishi taxmin qilingan, bu o‘tgan yilga nisbatan 29 foizga ko‘p. Bu o‘sish quyosh energiyasini ketma-ket uchinchi yil global ishlab chiqarishda eng katta toza energiya manbaiga aylantiradi va uning global elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushini 6,9 foizga yetkazadi.
Markaz tahlilchisi Kostansa Rangelovaning fikricha, quyosh energiyasi ishlab chiqarish sarmoya hisobiga o‘sishda davom etishi kutilayotgan bo‘lsa-da, ammo do‘l, bo‘ron kabi tabiat hodisalari elektr ishlab chiqarish samaradorligiga salbiy ta’sir qilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning fevral oyida e’lon qilgan ma’lumotida keltirilishicha, so‘nggi 50 yil ichida iqlim o‘zgarishi sababli ekstremal ob-havo hodisalari 400 foizga oshgan.
– Noqulay ob-havo tufayli yuzaga keladigan ko‘pgina elektr uzilishlar ikki kundan to‘rt kungacha davom etishi mumkin, bu esa yillik ishlab chiqarishning taxminan 1 foizini yo‘qotishga olib keladi, -deydi K.Rangelova. – Qolaversa, har qanday harorat ko‘tarilishi modul samaradorligini pasaytirishi mumkin.

Ekspertning aytishicha, issiq iqlim sharoitida fotovoltaik tizimlarning yillik degradatsiya darajasi 0,88 foizga yetishi mumkin, sovuqroq hududlarda esa bu ko‘rsatkich 0,48 foiz atrofida o‘zgarib turadi va quyosh panellarining samaradorligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri haroratga bog‘liq.
Standart sinov shartlari 25 daraja Selsiy, lekin real sharoitlarda modullar ko‘pincha sezilarli darajada yuqori haroratlarda ishlaydi. Haroratning har bir daraja oshishi modul samaradorligini pasaytirishi va yillik ishlamay qolish darajasini oshirishi mumkin. Do‘l va kuchli shamollar quyosh panellariga jiddiy mexanik shikast yetkazishi mumkin, jumladan, shisha sinishi va o‘rnatish qismlarining zararlanish ehtimoli yuqori.
Fotovoltaik tizimlar odatda 25 millimetrlik do‘lga qarshilik uchun sinovdan o‘tkaziladi. Ularning joylashuvi, mahalliy tuzilmalar va shamol yo‘nalishi kabi atrof-muhit omillari ham shikastlanish xavfini kamaytirishda muhim rol o‘ynaydi.
Rangelova, ekstremal ob-havo hodisalari jismoniy zarar bilan cheklanib qolmasligi, balki quyosh radiatsiyasiga ham ta’sir qilishi va zich bulut qoplami, tutun va chang bo‘ronlari kabi hodisalar ham qisqa muddatli ishlab chiqarishning pasayishiga olib kelishi mumkinligini aytdi.
Tahlilchi markaz tomonidan quyosh energetikasi bo‘yicha kelajakdagi xavf-xatarlarni bartaraf etish uchun turli moslashuv strategiyalar ishlab chiqilganini bildirib, keng qamrovli sug‘urta modellari, energiya saqlash tizimlari va tarmoqlarning moslashuvchanligini oshirish kabi vazifalar dolzarbligini ta’kidladi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, butun dunyo bo‘ylab ekstremal ob-havo hodisalari tufayli quyosh elektr stansiyalariga yetkazilgan zararning umumiy qiymati haqida hozircha aniq ma’lumotlar yo‘q.
Muharrama Pirmatova tayyorladi.
O‘zA