Zamonaviy dunyo o‘zgaruvchanligi va tezkorligi bilan ajralib turadi. Har bir sohadagi innovatsiyalar, texnologik yutuqlar va ijtimoiy ehtiyojlar natijasida mehnat bozori keskin yangilanmoqda. Hozirgi davrda zamonaviy kasblar jamiyatning barcha qatlamlariga chuqur ta’sir ko‘rsatayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Bu kasblar faqatgina pul topish vositasi emas, balki shaxsiy salohiyatni ro‘yobga chiqarish, jamiyatda ijtimoiy o‘zgarishlar qilish va global muammolarga yechim topish vositasiga aylangan. Endi mutaxassisliklar nafaqat bozor talabi, balki ijtimoiy ong bilan ham o‘zaro chambarchas holda shakllanmoqda.
Zamonaviy kasblarning vujudga kelishiga bir nechta kuchli omillar sabab bo‘ldi.
Yangi texnologiyalarning paydo bo‘lishi natijasida odamlarning ishlash, yashash va o‘zaro muloqot qilish tarzi keskin o‘zgardi. Ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va kundalik hayotga sun’iy intellekt, avtomatlashtirish, internet, mobil qurilmalar, raqamli tizimlar, robototexnika kabi yangi texnologiyalarning joriy qilingani yashash tarzini ham butkul o‘zgartirib yubormoqda. Qolaversa, ushbu tizim mutaxassislari mehnat bozorida juda talabgir.

Ish va ofis tushunchalari ham o‘zgardi. Odamlar o‘ziga mos ish uslubini tanlay boshladi. Bundan tashqari, hozirgi zamonaviy kasblar orqali frilanserlik ish uslubi yanada rivojlandi. Ya’ni, inson kunni faqatgina bir ishda o‘tkazmaydi va bir necha tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlashi mumkin.
Hozir zamonaviy kasblarni o‘rganish davomiyligi ham qisqa muddatni tashkil etadi. Insonda qunt va harakat bo‘lsa, ushbu kasblarni 6-12 oy davomida o‘rganib, anchagina daromad qila oladi.
SMM (Social Media Marketing) menejerlarini hozirgi davrning ijtimoiy kommunikatsiya muhandislari deyish mumkin. Ular tashkilot, brend yoki shaxs imijini ommaga qanday ko‘rinishda yetkazishni strategik rejalashtiradi. SMM mutaxassislari marketing va PR sohalariga yangi nafas olib kirib, turli davlat idoralari, xususiy kompaniyalar va ijtimoiy loyihalar uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Ular orqali siyosiy, ekologik va sog‘liqni saqlash sohasidagi axborotlar tez, zamonaviy va jonli tarzda yetkaziladi.

Targetolog – ijtimoiy tarmoqlarda aniq auditoriyani topib, ularga reklama ko‘rsatadigan mutaxassis. Ular mahsulotni to‘g‘ri auditoriyaga aniq algoritm orqali yetkazib, savdo samaradorligini oshiradi.
Birgina feysbuk yoki instagram reklamalari orqali to‘g‘ri ko‘zlangan auditoriyaga murojaat qilgan brendlarning savdosi o‘rtacha 27 foizga oshgani aniqlangan. Bu kasb vakillari – ko‘zga ko‘rinmas, ammo har bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisining qaroriga ta’sir etayotgan “so‘zsiz savdogarlar”dir.
Mobilografiya – bu smartfonlar orqali professional darajada video va foto kontent yaratish usuli. Ayniqsa reklama, musiqiy kliplar, qisqa metrajli hujjatli filmlar va TikTok, instagram rils kontentlari uchun mobilograflar xizmatiga ehtiyoj keskin oshdi. Mobilografiya bugun nafaqat ijodiy soha, balki biznes, turizm, ta’lim va tibbiyotda ham keng qo‘llanilmoqda. Oddiy telefon kamerasi orqali professional vizual kontent yaratish imkoniyati yangi avlod ijodkorlarini shakllantirdi.
Mobilograflar jamiyatning estetik tafakkurini shakllantiradi, voqelikni “jonli” ko‘rsatadi va axborotni samarali yetkazadi. Ular zamonaviy marketing, brending va ijtimoiy tarmoqlarda “vizual hikoya” vositasiga aylangan.
Ularning ish faoliyati nafaqat iqtisodiyotga, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, davlat boshqaruvi, hatto san’at sohalariga ham chuqur ta’sir ko‘rsatmoqda.
IT mutaxassislari – bu dasturchilar, veb-sayt ishlab chiquvchilar, tizim administratorlari, ma’lumotlar tahlilchilari. Ular bugungi jamiyatni raqamli asosda boshqaradigan asosiy kuchdir.
Texnologiya, ijodkorlik va ijtimoiy mas’uliyatni o‘zida birlashtirgan bu kasblar O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti uchun ham tayanch ustun bo‘lib borayotgani inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat.
Raqamli sohalar bo‘yicha yoshlar uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratilmoqda. 2024-2025 yillarda Toshkent shahrida “SMM maktabi”, Yoshlar ishlari agentligi va Toshkent shahar hokimligi hamkorligida “Poytaxtning SMMchi qizlari” loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu loyiha orqali 1000 nafar qiz 100 foiz grant asosida SMM va mobilografiya kasblarini o‘rgandi. Bu nafaqat kasbga ega bo‘lish, balki ayollarning raqamli iqtisodiyotda faol ishtirok etishiga zamin yaratdi.
Yurtimizda zamonaviy kasblarni qo‘llab-quvvatlovchi ko‘plab tanlov va mukofotlar ham mavjud. Jumladan, Zulfiya nomidagi davlat mukofotida so‘nggi yillarda axborot texnologiyalari bo‘yicha alohida nominatsiya ajratilgani bejiz emas. Bu orqali IT yo‘nalishidagi iqtidorli qizlar ham rag‘batlantirilmoqda.
Bugungi zamonaviy kasblar shunchaki tirikchilik vositasi emas, balki jamiyatdagi ijtimoiy ongni, madaniy trendlarni, iqtisodiy harakatni shakllantiruvchi kuchli omillar. Bu kasblar orqali yoshlar o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqaribgina qolmay, jamiyatda fikr yetkazuvchi, o‘zgarishlar yetakchisiga aylanmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA