Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 30 iyul – “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan yurtimizda yashayotgan millat va elatlarning o‘zaro totuvligi, do‘stligi va hamjihatligiga bag‘ishlangan katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda "O‘zbekiston – ko‘p millatli ahil oila" shiori ostida tashkil etilgan tadbirda "Nuroniy" jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, shuningdek, Nukus shahri, Xo‘jayli, Taxiatosh, Nukus, Kegeyli tumanlaridagi mahallalaridan yettilik a’zolari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar aholi o‘rtasidagi ahillik va hamjihatlik muhiti mustahkamligiga to‘xtalib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berishdi. Ular, ayniqsa, yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida millatlararo totuvlikni mustahkamlash, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va mehr-oqibat muhitini yanada kuchaytirish yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlashdi.

Tadbir O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining o‘z madaniyati, urf-odat va an’analarini targ‘ib etuvchi sahna chiqishlari bilan davom etdi. Universitetning iqtidorli talaba-yoshlari tomonidan o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, rus, turkman va boshqa millatlarga mansub milliy raqs, kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. Har bir chiqish tomoshabinlarda yorqin taassurotlar qoldirdi.


Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar “O‘zbekiston - ko‘p millatli ahil oila” degan ezgu g‘oyaning naqadar chuqur ma’no-mazmunga ega ekanini yana bir bor his etishdi. Chunki yurtdoshlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, ahillik va hamjihatlik bizning eng katta boyligimizdir. Bunday bayramlar esa ana shu boylikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri