Mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyotda ham keng ko‘lamli ijobiy ishlar amalga oshirildi. Bu orqali aholi salomatligini mustahkamlash imkoniyatlari yanada kengaydi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusmi bilan ishlab chiqilgan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun!” ezgu tamoyilini tatbiq etishda davlat sog‘liqni saqlash muassasalari bilan bir qatorda xususiy sektor vakillari ham munosib va faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, nodavlat tibbiyot maskanlari tomonidan aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish borasida Namanganda ham salmoqli tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda viloyatda 556 ta nodavlat tibbiy muassasa bo‘lib, ularning 351 tasi ambulator, 205 tasi statsionar sharoitda faoliyat yuritadi. O‘tgan 2024 yil davomida 33 ta yangi xususiy shifoxona tashkil qilingan bo‘lsa, joriy yilning olti oyi mobaynida 18 ta yangi sub’ekt ochildi, 12 ta klinika esa o‘z ish qamrovini yanada kengaytirdi.

– Davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan hamda “Tadbirkorlar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida belgilangan dolzarb vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratilishi natijasida, tizimimizda shakllantirilgan sog‘lom raqobat muhiti tufayli aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligi yil sayin oshmoqda, – deydi Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulhodi Iminov. – Binobarin, bundan besh yil avval viloyatda 270 ta nodavlat xususiy tibbiyot muassasasi bo‘lsa, hozirgi kunga kelib ularning soni 286 taga ko‘payib, 556 taga yetganligi e’tiborga molik.
Ta’kidlash joiz, nodavlat tibbiyot muassasalarida bandlik darajasiga ham ahamiyat qaratilgani holda, ish o‘rinlari soni ham ikki barobar ortib, 2 ming 650 ga yetdi. Bu shifoxona, klinika, diagnostika tibbiyot markazlarda o‘rinlar soni 7 ming 100 taga oshganligi, eng avvalo, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilayotganini anglatadi. Buning natijasida, aholini davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan shifoxonalarga qatnovi endilikda 35-40 foizga kamaydi.

Aholiga malakali va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bugungi kunning muhim talabidir. Namanganda bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi va keyingi yillarda murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Bunda xorijlik mutaxassislar bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalari o‘z samarasini bermoqda.
Viloyatdagi yetakchi nodavlat tibbiyot muassasalari hisoblangan “Anamed”, “Saydana”, “Andrologiya-N”, “Doctor-A”, “Oydin shifo” kabi mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga qarashli shifo maskanlarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlar muvaffaqiyat bilan o‘tkazilmoqda. Mazkur klinikalarda 2025 yilning o‘tgan davr mobaynida 245 ta yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Qolaversa, bugunga qadar viloyatdagi “Shahand”, “Doctor” va “Chortoq” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari sihatgohlariga mamlakatimiz aholisidan tashqari Markaziy Osiyo hamda boshqa xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan 3 ming 100 dan ziyod fuqarolarga 8 milliard so‘mlik malakali tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi.
E’tirof etish joiz, Prezidentimizning sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga oid qarori natijasida joylarda zamonaviy tibbiy muassasalar ishga tushirilmoqda. Namangan shahridagi “Anamed” tibbiy diagnostika markazi ana shunday sub’ektlardan biri.

Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi faoli Nosirbek Abdullaxonov ta’sisligidagi ushbu markaz Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Hindiston, Buyuk Britaniya, Yaponiya, AQSH davlatlaridagi nufuzli tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikda sohaga zamonaviy texnologiyalar, tashxis qo‘yish va davolashning so‘nggi usullarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Ko‘plab jahon me’yorlariga mos darajada tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini beruvchi, neyrojarrohlik, nevrologiya, travmatologiya, kardiologiya, urologiya kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashgan ushbu xususiy davolash-profilaktika muassasasi “General Yelectric”, “Siyemens” va boshqa kompaniyalarning ilg‘or diagnostika uskunalari bilan jihozlangan. Markazda malakali kadrlar jamoasi shakllantirilib, ko‘plab ish o‘rinlari yaratilgan.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilib, markazlarga o‘quv va konsultatsiya jarayonlariga chet ellik mutaxassislar jalb etilmoqda.
“Anamed” tibbiy diagnostika markazi nafaqat xususiy sektorda xizmat ko‘rsatish, balki davlat tibbiyot muassasalari faoliyatini zamon talablari asosida tashkil etish, ularda ishlovchi shifokor va hamshiralarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli loyihalarni ham amalga oshirib kelmoqda.

Oxirgi ikki yil davomida, vodiy viloyatlaridagi soha mutaxassislari uchun xalqaro darajadagi ekspert – rossiyalik taniqli shifokor Oleg Burlaka, Ozarbayjon Jarrohlik ilmiy markazining jigar, o‘t pufak yo‘llari va oshqozon osti bezi jarrohligi bo‘limining katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Gurbanxan Muslimov, “MedArt group” klinikasi asoschisi, mohir urolog, Rossiya, Xitoy va Yevropa mamlakatlarida tahsil olgan hamda katta tajriba to‘plagan Doniyor Yo‘ldoshev va boshqa xorijiy mutaxassislar ishtirokida mahorat saboqlari, o‘quv seminarlari, jarrohlik amaliyotlari tashkil etildiki, bu mahalliy mutaxassislarning bilimlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hamkorlik natijasida, hududlararo tibbiy muassasalar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, seminar-treninglar tashkil etish, texnik va texnologik xizmat ko‘rsatishda hamkorlik qilish, birgalikda noyob texnologik operatsiyalarni o‘tkazishga kelishib olindi.
Qolaversa, xususiy markaz tashabbusi bilan yana bir loyihaga qo‘l urilib, yangi tashkil etilgan klinikada Namangan davlat universitetining tibbiyot fakulteti talabalari nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lamoqda. Bu kabi kelishuvlar talabalarni xorijdan taklif qilingan shifokorlar ishtirokida o‘tkazilayotgan murakkab va noyob operatsiyalar jarayonida qatnashgan holda amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari yuqori salohiyatli kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.