So‘nggi yillarda mamlakatimizda paralimpiya harakatiga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida yoshlarimiz orasidan iqtidorli va nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotganlar soni ortib bormoqda. Buning misolini o‘tgan yilgi Paralimpiya o‘yinlarida qayd etilgan natijalar va turli nufuzli musobaqalardagi muvaffaqiyatlarda ko‘rish mumkin.
Bundanda yuksak natijalar qayd etish, paralimpiyachilarimizning iqtidorini yanada rivojlantirish galdagi muhim vazifalardandir. Shu bois O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati terma jamoa a’zolari va murabbiylar shtabi bilan “Aichi-Nagoya-2026” yozgi para Osiyo o‘yinlari va “Los-Anjeles-2028” yozgi Paralimpiya o‘yinlari uchun tayyorgarlik masalalariga jiddiy e’tibor qaratmoqda va ushbu musobaqalarda para sportchilarimizni tayyorlash borasida tizimli ishlar olib bormoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev boshchiligidagi ishchi guruh vakillari Toshkent viloyatining Angren shahrida joylashgan "Yangiobod" Respublika o‘quv-mashg‘ulot bazasiga tashrif buyurdi. Mazkur manzilda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib borayotgan para yengil atletika, para suzish va para dzyudo bo‘yicha sportchilar hamda ularning murabbiylari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tanqidiy va tahliliy ruhda kechgan uchrashuvda sportchilarning dasturiy ixtisoslashuvi bo‘yicha muammolar bor ekani ta’kidlandi. Sport turlaridagi har bir asosiy tarkib a’zosiga mos ravishda yosh sportchilarni ham jalb etish masalasi ko‘tarildi.

Shuningdek, bosh murabbiylarga esa hududiy sport maktablari bilan aloqalarni mustahkamlab, seleksiya ishlarini kuchaytirish kerakligi aytildi. Uchrashuv yakunida mutasaddilar sportchi va murabbiylarga “Aichi-Nagoya-2026” yozgi para Osiyo o‘yinlari, “Los-Anjeles-2028” yozgi Paralimpiya o‘yinlari uchun tayyorgarlik dasturi bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalarni belgilab berdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA