Portugaliyada baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha U18 va U23 yosh toifalarida jahon chempionati davom etmoqda. Musobaqada bugun turli masofa va yosh toifalarida A final bahslari bo‘lib o‘tadi.
Quvonarlisi, ushbu final bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham bor. Aniqrog‘i, U23 yosh toifasida C-1 yo‘nalishidagi 200 metar masofadagi finalda Shohsanam Sherzodova, 500 metrga C-2 bahslarida Muhammadali Mirismanov va Diyorbek Mamatqulov, ushbu masofaga C-4 bahslarida Dilnozaxon Rafiqova, Zarina Kazakova, Shohsanam Sherzodova hamda Xonzoda Erkinova medallar uchun raqobatlashadi.
Shuningdek, mazkur yosh toifasida 5000 metrga mikst juftlik bellashuvlarida (C-2) Mirjalol Komilov va Shohsanam Sherzodova musobaqa g‘olibligi uchun kurash olib boradi.
U18 yosh toifasida 500 metr masofadagi yo‘nalishda Behruz Ergashev hamda Davronbek Ahtamov (C-2), 5000 metrga aralash juftliklar orasidagi final bosqichida Og‘abek Nuriddinov/Dilnozaxon Rafiqova (C-2), Shohruh Hasanov va Shahrizoda Mavlonova (K-2) o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA