Avvallari xorijiy tilni bilgan insonlarga boshqacha ko‘z bilan, katta havas ila qaralar edi. Bugun esa til o‘rganish yoshlar o‘rtasida ommaviy harakatga aylanib ulgurgan.
O‘zbekistonda xalqaro imtihonlarda qatnashib, yuqori ball to‘playotgan yoshlar soni yil sayin ortmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda IELTS imtihonidan yuqori ballarni olayotgan o‘quvchi yigit-qizlarimiz haqida ko‘p xushxabarlar o‘qiymiz. Hatto 11 yoshli bolalarimiz ham 7,5-8 ballgacha natija ko‘rsatishmoqda. Maktab bitiruvchilari orasida esa (ayniqsa, prezident maktablarida) 8-8,5 ball olish odatiy tusga aylangan.
IELTS imtihonida eng yuqori ko‘rsatkich — 9 ball. Bugungi kunga kelib, ushbu darajaga erishgan o‘zbekistonliklar soni 50 nafarga yaqinlashgan. Ko‘p emas, 3-4 yil avval ular soni 10 nafarga ham yetmas edi. Demak, rivojlanish sur’ati faqat sonlarda emas, sifatda ham aks etmoqda.
Yoshlarning bu kabi natijalarga erishishida, albatta muhit, yaratilgan imkoniyatlar va ta’lim sohasidagi davlat siyosatining ta’siri beqiyos. Ilgari xorijiy til o‘rgatadigan markazlar sanoqli, ular ham asosan shaharlarda bo‘lardi. Endi esa ular deyarli har bir mahallada bor, hatto onlayn platformalar orqali eng chekka hududlardagi yoshlar ham yuqori sifatda ta’lim olayotir.
Faktlarga to‘xtalsak, 2025 yilning birinchi yarim yilligida xalqaro imtihonlarda qatnashib, yuqori ballarni qo‘lga kiritgan 14 300 nafar yoshlardan xarajatlarni qoplab berish yuzasidan ariza tushgan. Ulardan 6 839 tasi aynan IELTS yo‘nalishi bo‘lgan (ya’ni, ular 7 balldan yuqori natija ko‘rsatishgan). Bu — yurtimizda ingliz tiliga bo‘lgan qiziqish va uni bilish zaruratining qay darajada o‘sayotganini anglatadi. Buning ortida yoshlarning faqat xorijda ta’lim olish orzusi emas, balki global loyihalarda ishtirok etish, zamonaviy kasb egasi bo‘lish va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassisga aylanish maqsadi ham yotibdi.
IELTS, TOEFL, TORFL — bugun dunyodagi eng nufuzli universitetlar va xalqaro kompaniyalar shunday sertifikatlarga alohida e’tibor qaratadi. O‘zbekistonda ushbu global tendensiyaga mos ravishda muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, imtihon xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi joriy etilgan. Bu tizim my.gov.uz orqali avtomatlashtirilgan, qulay va adolatli. Faqatgina 2025 yilning birinchi yarim yilligida:
- 14 300 ta ariza qabul qilindi;
- 6 839 ta IELTS imtihoni xarajati qoplandi;
- 714 ta TORFL/TRKI va 24 ta TOEFL iBT bo‘yicha yoshlar davlat ko‘magiga ega bo‘ldi;
- Davlat hisobidan jami 6 mlrd 449 mln so‘m yoshlarning imtihon xarajatlarini qoplashga ajratildi;
- Bu borada Toshkent shahri yetakchi bo‘lib, 2 810 nafar yoshning xarajatlari qoplandi.
Ushbu natijalar ortida millatning taqdiri, orzu-umidlari bor. Asosiysi, yoshlar ham buni chuqur anglab yetishmoqda. Til bilish orqali ular o‘zlari uchun yangi dunyo eshiklarini ochmoqda — startaplar, tadqiqot platformalari, masofaviy ish imkoniyatlari, xalqaro stipendiyalar, raqamli iqtisodiyot, media va ilm-fan maydonlari.
Chet elda tahsil olayotgan talabalar soni bo‘yicha O‘zbekiston Xitoy va Hindistondan keyin dunyoda uchinchi o‘rinni egallagani ham bejiz emas. Mamlakatimiz o‘g‘il-qizlari global oqimning ajralmas qismiga aylanib ulgurishdi. Bunday ilg‘or yoshlarning ko‘payishi esa yurtimizda ilm-fanni qadrlash madaniyatining o‘sib borayotganidan darak beradi.
L.Tursunov, jurnalist