Toshkent shahar hokimligida Seul shahar merining birinchi ma’muriy o‘rinbosari Kim Taye Kyun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik hamkorlik, Toshkent hamda Seul shaharlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Xususan, O‘zbekiston va Janubiy Koreya muhim minerallar, yarimo‘tkazgichlar, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, shaharsozlik, xavfsiz energetika kabi jami 7 ta yo‘nalishda hamkorlikni amalga oshirmoqda. Jumladan, mamlakatimizda Koreya bilan hamkorlikda 800ga yaqin qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda.

Muloqotda Toshkentda amalga oshirilayotgan Koreya ishtirokidagi investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berilib, ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida Toshkent shahar hokimligi doimiy ochiqligi bildirildi.
Shuningdek, Kim Taye Kyun Seul shahri ma’muriyati nomidan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovni joriy yil 29 sentyabr kuni Seul shahrida bo‘lib o‘tadigan Metropolis shaharlar tarmog‘ining 40 yilligiga bag‘ishlangan Seul kongressida ishtirok etishga rasmiy ravishda taklif qildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA