Italiya hukumati joriy yilda “G‘arbiy Nil” virusi bilan kasallanib vafot etgan ikki kishining o‘limini tasdiqladi. Yuqori isitma va toshmalar keltirib chiqaradigan virus Rimdan 100 kilometr janubda joylashgan Latina provinsiyasi, shuningdek, Pemont, Veneto, Emiliya-Romanya va Kampaniya hududlarida ham qayd etilgan.
“Euronews” nashrining yozishicha, mazkur virus asosan chivin chaqishi orqali yuqadi va odatda yoz oylarida keng tarqaladi.
– “G‘arbiy Nil” virusi bir necha yillardan buyon mamlakatimiz aholisiga xavf solib kelmoqda, -dedi Italiya Sog‘liqni saqlash vazirligining Yuqumli kasalliklar departamenti direktori Anna Tereza Palamara.
Yaqinda o‘lkaning Yuqumli kasalliklar instituti tomonidan o‘tkazilgan testlardan so‘ng Latsio viloyatida virusning 12 ta yangi holati aniqlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu virus dastavval Ugandaning “G‘arbiy Nil” tumanida birinchi marta 1937 yilda tarqalgan. Hozircha virusning odamdan odamga yuqish xavfi yo‘q.
O‘.Alimov, O‘zA