Toshkentdagi “Yunusobod“ sport saroyi hamda Chirchiqda joylashgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majmuasida voleybol bo‘yicha U-19 erkaklar milliy terma jamoalari o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatining ikkinchi kungi bahslari qaysidir jamoalar uchun quvonchli, qaysi birlari uchun alamli onlarni tortiq etdi.
Jahon chempionatining “A” guruhida O‘zbekiston U-19 terma jamoasi Pokiston terma jamoasiga 0:3 hisobida (23:25, 18:25, 21:25) mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuvda 24 ochko jamg‘argan Pokiston jamoasi sardori Muhammad Yahyoning o‘ng qanotdan blokni yorib o‘tadigan aniq zarbalari ularning yutug‘ini ta’minladi, deyish mumkin.

Argentina - Turkiya uchrashuvi har jihatdan murosasiz kechganini o‘yin besh set davom etganidan ham bilish mumkin. Qardoshlarimizning g‘alabaga bo‘lgan irodasi qanchalik kuchli bo‘lmasin, argentinaliklar omadli ekanini ko‘rsatdi - 3:2.
Ushbu guruhda bir kun muqaddam Pokistonga mag‘lub bo‘lgan Belgiya Puerto-Rikoni 3:0 (25-21, 25-21, 25-16) hisobida yengishga erishdi.

“B” guruhida amaldagi jahon chempioni Fransiya terma jamoasi Jazoirni 3:0 hisobida qiyinchiliksiz dog‘da qoldirdi. Bolgariya Xitoy ustidan 3-1 ko‘rinishida ustunlikka erishdi. Birinchi o‘yinda Xitoyga imkoniyatni boy bergan Yaponiya Kanada ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
“C” guruhida Ispaniya Misrni 3:1, Eron Polshani 3:2, Italiya Tunisni 3:0 hisobida taslim etdi.

“D” guruhida Janubiy Koreya jamoasi Kolumbiyani 3:0 hisobida mag‘lub etib, ketma-ket ikkinchi o‘yinda g‘alabaga erishgan jamoa bo‘ldi. Finlyandiya Braziliyani 3:0 holatida bosh egishga majbur qildi. AQSH terma jamoasi Kubani 3:1 hisobida yengib, ilk muvaffaqiyatni tantana qildi.
Bugun, 26 iyul kuni jahon chempionatining uchinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi Puerto-Riko vakillariga qarshi bahs olib boradi.

Jahon chempionati o‘yinlari 3 avgustga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA