Yaponiyaning Nara shahrida Samarqandning iqtisodiy salohiyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Mazkur biznes-forumda samarqandlik tadbirkorlar va Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari va tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Tadbirning ochilishida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev va Nara prefekturasi gubernatori Makoto Yamashita ikki hudud o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlari haqida gapirdi.


Tadbir ishtirokchilari Samarqandga investitsiya kiritish uchun muayyan sektorda yaratilgan shart-sharoitlar bilan batafsil tanishish, hamkorlikda amalga oshirilishi taklif etilayotgan loyihalar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lib, kelgusida birgalikda ishlash yuzasidan yaqindan muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi. Unda bir qator qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish borasida ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Biznes-forum Samarqand va Nara ishbilarmon doiralarining keng ko‘lamli yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlik o‘rnatishi uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.


G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri