O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan mamlakat milliy chempionati Superligasining davralar oralig‘idagi yozgi transfer oynasida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Namanganning “Navbahor” klubiga uch bosqichda ish olib borishi lozimligi ta’kidlangan edi.
Professional futbol ligasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi tomonidan “Navbahor”ga nisbatan belgilangan transfer taqiqni olib tashladi. Bu “Neftchi”dan Namangan jamoasi safida to‘p surgan gruziyalik legioner Giorgi Nikabadze o‘z maoshini vaqtida olmagani ortidan qo‘llanilgan edi. Klub rahbariyati bu borada o‘z majburiyatini to‘liq bajargan.
Endilikda “Lochinlar” o‘z safida o‘ynab ketgan mahalliy futbolchilar oldidagi majburiyatlarini ado etishga kirishgan. Klub va futbolchilar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, “Navbahor” joriy yilning 1 iyuliga qadar qarzdorlikni yopishi lozim edi. Mazkur sana Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi rahbari Shavkat Abdurazzoqov tarafidan imzolangan kafolat xatida ko‘rsatib o‘tilgan.
Qolaversa, Professional futbol ligasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat kiritgan sobiq murabbiy va boshqa mahalliy futbolchilar oldidagi majburiyatlar ham hal qilinishi lozim.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi 30 iyul kuni yopiladi. Ushbu sanaga qadar namanganliklar o‘z klubi tarkibiga mo‘ljallangan yangi futbolchilarni jalb etishga ulgurishi lozim.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.