Qurilish sohasidagi investitsiya loyihalarini muhokama qilish va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi I.Siddiqov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari bilan bordi.
Tashrif doirasida “Metallurgical Corparation Of China Limited” (“China MCC17 Group Ltd...”) kompaniyasi binosida Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi va ushbu kompaniya raisi, partiya kotibi Lyu Ani bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qurilish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish va istiqbolli loyihalar ustida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining alohida qo‘llab-quvvatlashi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish yangi bosqichga ko‘tarilayotganligi, respublikaning investitsiya va qurilish sohasida Xitoy kompaniyalarining o‘rni alohida ekanligi ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida kompaniya raisi Lyu Ani va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Q. Aytbayev o‘rtasida strategik hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolandi. Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari “China MCC17 Group Ltd...” kompaniyasining korporativ ko‘rgazmalar zali, raqamli boshqaruv markazi, texnologiya markazi va “Four Harmonies” ko‘rgazma zalida bo‘lib, kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri