Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron Falastin davlatini rasman tan olishi to‘g‘risida qaror qabul qildi. U bu haqda joriy yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasida rasman e’lon qilishini bildirdi.
– Yaqin Sharqda adolatli va barqaror tinchlikni ta’minlash men uchun tarixiy mas’uliyat, -deb yozdi Makron o‘z ijtimoiy tarmoq sahifasida. – Shu bois, Fransiya Falastin davlatini tan olishga qaror qildi.
Xabarga qo‘shimcha ravishda Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbosga yo‘llagan maktubni ham ilova qilgan. Shu bilan birga, u G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, barcha garovdagi shaxslarni ozod etish va aholiga gumanitar yordam ko‘rsatish zarurligini ta’kidlagan.
– XAMASning qurolsizlantirilishi, xavfsizlikni ta’minlash va G‘azoni tiklash — mintaqada barqarorlik uchun muhim shartlar hisoblanadi, -deya qo‘shimcha qilgan fransuz lideri.
Falastin rasmiylari Fransiyaning bu qarorini mamnuniyat bilan qarshi oldilar. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa bu harakatni keskin tanqid qildi.
– Bu XAMAS hujumidan keyin terrorizmni rag‘batlantirish demakdir. Falastin davlati bugungi sharoitda Isroil bilan tinchlik uchun emas, balki uni yo‘q qilish uchun maydonga aylanadi, - deyiladi Netanyaxu bayonotida.
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar esa Makronning bu qarorini mantiqsiz degan. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham Makronning rejasini tanqid qilib: “Bu ehtiyotsiz qaror XAMASning tashviqotiga xizmat qiladi va tinchlik jarayoniga jiddiy putur yetkazadi”, deb yozdi ijtimoiy tarmoq orqali.
Ayni paytda BMTga a’zo 193 davlatdan 140 dan ortig‘i Falastin davlatini tan olgan. Ular orasida Rossiya, Xitoy, Ispaniya, Polsha va Yevropa Ittifoqining boshqa bir qator davlatlari mavjud. Ammo AQSH va Buyuk Britaniya hozircha tan olishdan bosh tortmoqda.
Birlashgan Qirollik bosh vaziri Kir Starmer bugun Fransiya va Germaniya rahbarlari bilan G‘azodagi vaziyatni muhokama qilish uchun favqulodda muzokaralar o‘tkazishini bildirar ekan:
– Biz gumanitar falokatning guvohi bo‘lib turibmiz. G‘azodagi qirg‘inni to‘xtatish va oziq-ovqatga muhtoj aholiga yordam yetkazish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishimiz lozim, -deya ta’kidladi.
U shuningdek, Falastin xalqining davlat qurish huquqini inkor qilib bo‘lmaydi va G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ladi, deb aytdi. Starmerning bu gaplaridan keyin yaqin kunlarda Buyuk Britaniya ham Falastinni davlat sifatida rasman tan olsa ajab emas.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/iIFr0LyD9_E?si=Rn2v_mUw7OU2tbUP" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA