Mamlakatimiz ayollarining energetika sohasidagi faol ishtiroki, rahbarlik lavozimlarida munosib o‘rin egallashi va gender muvozanatini ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir. Bu borada nafaqat milliy darajada, balki xalqaro hamkorlik doirasida ham aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan dasturlar va strategik hujjatlar qabul qilinmoqda.
Shu yo‘nalishda ishlab chiqilgan tashabbuslardan biri Gender tenglikka erishish strategiyasidir. Bugun Energetika vazirligida o‘tkazilgan taqdimot mazkur strategiyaning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.
Ta’kidlanganidek, 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan mazkur strategiya Energetika vazirligi, O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamkorligida ishlab chiqilgan.
Ushbu hujjatning asosiy maqsadi energetika sohasida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratish, rahbarlik lavozimlarida ularning ishtirokini oshirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va gender stereotiplarini bartaraf etishdan iborat.
Tadbirda so‘z olganlarning qayd etishicha, gender tenglikni ta’minlash faqat ijtimoiy adolat tamoyili emas, balki iqtisodiy samaradorlikka erishishning ham muhim omili hisoblanadi. Ayollarning salohiyatidan to‘laqonli foydalanish, ularga teng sharoitlar yaratish orqali energetika sohasida innovatsion yondashuvlar, mas’uliyatli boshqaruv va yangi tashabbuslarga yo‘l ochiladi. Shu bois, mazkur strategiya nafaqat ayollarni qo‘llab-quvvatlash, balki butun tarmoqning rivojiga xizmat qiladi.
Ishtirokchilarga strategiyaning asosiy yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari, amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan ushbu strategiya nafaqat rasmiy hujjat, balki amaliyotga qaratilgan muhim mexanizm sifatida baholandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA