Donald Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda saylov bo‘yicha Milliy razvedka bayonotini sharhlarkan, sobiq Prezident Barak Obama va yuqori lavozimdagi boshqa demokratlarni 2020 yilgi saylovni soxtalashtirishda aybladi:
– Bu – xiyonat. Ular saylov natijasini chalkashtirishga harakat qilgan, hech kim tasavvur qila olmaydigan ishlar bilan shug‘ullanishgan.
Tramp Demokratlar partiyasi vakillari Xillari Klinton va Jo Baydenni ayblab, Obamani shu ishlar boshida turgan guruh rahbari, deb atagan. Bu xiyonatdan boshqa narsa emas, degan u.
CNN telekanali esa olovga yog‘ purkaganday, davlatga xiyonat uchun AQSHda o‘lim jazosi berilishini eslatgan.
Ushbu bayonot Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard o‘tgan hafta e’lon qilgan hisobotga asoslangani aytilmoqda. Mazkur hujjatga ko‘ra, Obama ma’muriyati va uning yordamchilari o‘shanda Rossiya aralashuvi haqidagi “to‘qilgan va siyosiylashtirilgan” ma’lumot bilan jamoatchilikni chalg‘itishga uringan. Ya’ni, Rossiya kiber hujum orqali AQSH saylov infratuzilmasiga tahdid qilgani haqida ataylab noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgan.
Shu bilan birga hisobot avvalgi tergov xulosasiga zid emasligi qo‘shimcha qilingan. Zero, hujjatda RF 2016 yil haqiqatan Xillari Klintonni obro‘sizlantirish va saylovchilarga ta’sir o‘tkazish uchun kiber hujum va boshqa usullardan foydalangani keltirilgan. Faqat bu harakat saylov natijasini o‘zgartirish maqsadida qilingan, deb hisoblanmagan.
“Politico” nashri xabariga ko‘ra, Gabbard shu ish bo‘yicha e’lon qilgan elektron xat va yozuvlarda Obama ma’muriyati Rossiya xakerlari saylovni buzishi yoki ovoz natijasini bildirmasdan o‘zgartirib qo‘yishi mumkin emas, degan xulosaga kelingan. Binobarin, saylovchilar fikriga ta’sir ko‘rsatish va jamoatchilik ishonchini pasaytirish xavfi e’tirof etilgan, xolos. Vaziyatga Barak Obamaning matbuot kotibi Patrik Rodenbush quyidagicha izoh berdi:
– Odatda biz Prezident vakolatini hurmat qilganimiz uchun Oq uydan chiqayotgan bema’ni bayonotlarga javob bermaymiz. Afsuski, bu galgi ayblov shunchalik asossiz va axmoqonaki, javob bermasak bo‘lmaydi. Bu g‘alati da’volar kulgili va e’tiborni chalg‘itish uchun qilinayotgan harakat.
U Razvedka boshlig‘ining oxirgi hisoboti 2016 yil Rossiya AQSH sayloviga haqiqatan ta’sir o‘tkazishga harakat qilgani, biroq ovozlarni o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lolmagani haqidagi avvalgi xulosaga zid emasligini ham ta’kidladi. Shuningdek, bu xulosalar ikki partiyaviy Senatning razvedka qo‘mitasi tomonidan 2020 yil rasman tasdiqlanganini qo‘shimcha qildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ch0GrMN94fQ?si=t8SxhzicZKCpRu9h" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA