Ma’lumki, shu yil 13, 19 va 21 iyul kunlari Navoiy shahrining ayrim hududlarida changsimon tutun holati kuzatilgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu borada jamoatchilik tomonidan ko‘plab murojaatlar va e’tirozli fikrlar bildirildi. Bu kabi holat yana qayta takrorlanishi esa aholini jiddiy tashvishlantirmoqda. Chunki, bu zaharli tutun aholi salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, 21 iyul kuni Toshkent shahri Olmazor tumani Uzumbog‘ ko‘chasidagi omborda joylashgan sig‘imdan vodorod peroksidi ochiq havoga sizib chiqishi kuzatildi. Ushbu holat ham ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, bu kabi muammolar ekologik xavfsizlik hamda aholining salomatligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, mutasaddi idoralardan jiddiy yondashuvni talab qiladi.
Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Oybek Rahimov tomonidan Bosh prokuror, Favqulodda vaziyatlar vaziri hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziriga yuqoridagi holatlar yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborildi. Bu haqda partiya matbuot xizmati ma’lum qildi.
So‘rovda Navoiy shahrining ayrim hududlarida havoda changsimon tutun hosil bo‘lishiga sabab bo‘luvchi ifloslantiruvchi manbani aniqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, kelgusida bunday holatlarning oldini olish va yo‘l qo‘ymaslik uchun amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida so‘ralgan.
Shuningdek, Olmazor tumanidagi omborxonada vodorod peroksidi moddasini saqlashda xavfsizlik talablariga rioya etilganligi masalasi, xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yo‘q qilish sohasida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun kelgusida qanday chora-tadbirlar ko‘rilishi rejalashtirilgani yuzasidan savollar qo‘yilgan.
Atrof-muhit musaffoligi, ekologik xavfsizlik hamda aholi salomatligini ta’minlashda bu kabi holatlarning takror sodir bo‘lmasligi uchun tegishli choralarni ko‘rish muhim hisoblanadi. Shunday ekan, xalq vakilining ushbu so‘rovida ko‘tarilgan savollar dolzarb ahamiyatga egadir.
Muhtarama Komilova, O‘zA