Form kompaniyasi suzuvchilar uchun mo‘ljallangan “aqlli” ko‘zoynaklarning yangi — Smart Swim 2 nomli modelini taqdim etdi. Bu versiya birinchi avloddan qariyb olti yil o‘tib ishlab chiqildi va bir qator yangi imkoniyatlar bilan boyitildi.
Smart Swim 2 ko‘zoynaklari kengaytirilgan reallik (AR) texnologiyasi asosida ishlaydi — linzalardan biriga 72x40 piksel o‘lchamdagi displey o‘rnatilgan. Ushbu displey suzish davomida foydalanuvchining harakatlariga moslasha oladi, bunda akselerometr ma’lumotlaridan foydalaniladi. Ekranda suzish tezligi, yo‘nalish, masofa va boshqa ko‘rsatkichlar real vaqt rejimida aks etadi.
Yana bir muhim yangilik — yurak urish tezligini aniqlovchi sensor. U ko‘zoynakning chakka qismiga o‘rnatilgan va barcha o‘lchovlar Form mobil ilovasi orqali tahlil qilinadi. Natijada foydalanuvchilar mashg‘ulotlar samaradorligini baholash hamda rivojlanish strategiyasini belgilash imkoniga ega bo‘lishadi.
Smart Swim 2 shuningdek, Apple Watch va Garmin “aqlli” soatlari bilan sinxron ishlaydi. Eng e’tiborli funksiyalardan biri bu SwimStraight nomli raqamli kompasdir — u foydalanuvchiga suv ostida to‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanishga yordam beradi. Biroq bu funksiyadan foydalanish uchun oylik 10 dollarlik obuna talab etiladi. Obuna bilan foydalanuvchilar 1500 dan ortiq professional murabbiylar tayyorlagan mashg‘ulotlarga ham kirish huquqiga ega bo‘ladilar.
Smart Swim 2 ko‘zoynaklarining standart narxi 279 dollarni tashkil etadi. Premium talqini — Gorilla Glass 3 linzalari bilan mustahkamlangan Pro versiya — 329 dollardan boshlanadi.
Bu yangi avlod ko‘zoynaklar, ayniqsa, professional sportchilar va jiddiy shug‘ullanuvchilar uchun suzish mashg‘ulotlarini sifatliroq va samaraliroq qilishni maqsad qilgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/WJws5ziOaDA?si=iJkftdbM2nbWaQw0" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA