Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida "Bir kontur – bir mahsulot" tamoyili asosida mahsulot yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tumanning “Yangi hayot” mahallasida Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklari ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida 152 gektar yer maydoni 352 nafar yoshlarga 30–50 sotixdan taqsimlab berildi. Moliyaviy imkoniyati cheklangan yoshlarga tijorat banklari orqali imtiyozli kredit ajratildi.

Fermer Kamoliddin Xonto‘rayev 50 sotix yerda “Obi navvot” navli qovun yetishtirishni boshladi. Hozirgi kunda 18 gektar hududda 36 nafar yosh tomonidan “Obi navvot”, “ko‘kcha”, “amiri” va “oq urug‘” kabi qovun navlari parvarishlanmoqda. Mavsum yakuniga qadar 50-60 million so‘m miqdorida sof daromad olinishi kutilmoqda.
– Yer ajratilishi, bank krediti, mahalliy mutaxassislar va agronomlarning amaliy yordami tufayli bugungi natijalarga erishdik, – deydi loyiha ishtirokchisi Hamdam Ashurov. – 18 gektar maydonda yetishtirilgan qovun “Toshkent–Termiz” M–38 xalqaro yo‘l bo‘yida tashkil etilgan bozorda hamda dalaning o‘zida ulgurji xaridorlarga sotilmoqda. Bu logistika xarajatlarining kamayishi va ishlab chiqaruvchilar sof daromadining oshishiga xizmat qilmoqda.

Tuman hokimi yordamchisi Yorbek Mavlonovning so‘zlariga ko‘ra, hududning boshqa konturlarida ham “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida kartoshka, piyoz va boshqa turdagi ekinlar parvarish qilinmoqda. Mahsulotlarning katta qismi dalaning o‘zida, qolgani esa bozorlarda sotilmoqda.

Loyihani amalga oshirishda tuproq-iqlim sharoiti, bozordagi talab, klaster va kooperatsiya imkoniyatlari, eksportbop mahsulotlar yetishtirish salohiyati hisobga olingan. Natijada, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda.
Bugungi kunda ushbu loyiha doirasida faoliyat yuritayotgan yoshlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish va qishloq aholisining turmush darajasini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri