Yaqinda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Gruziya Respublikasida bo‘ldi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Tashrif doirasida byudjet-soliq va bojxona siyosati hamda ma’murchiligiga oid bir qator uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazildi.
Delegatsiya a’zolari Gruziya Moliya vaziri o‘rinbosarlari Mamuka Baratashvili va Yekaterine Gunsadze, shuningdek, Gruziya Daromadlar xizmati direktorining birinchi o‘rinbosari Paata Kiladze bilan uchrashdi. Suhbatlar chog‘ida Gruziyada amalga oshirilgan soliq va bojxona sohalaridagi islohotlar, o‘rta va uzoq muddatli strategiyalar, ularning samaradorligi hamda erishilgan natijalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlarini baholash uslublari, raqamli texnologiyalarni joriy etish, qo‘shilgan qiymat solig‘i tizimini takomillashtirish, xavflarga asoslangan nazorat va audit usullarini tatbiq etish, shuningdek, byudjet-soliq tushumlari uchun yagona g‘azna hisobvaraqini joriy etish masalalarida Gruziya tajribasi o‘rganildi. Mazkur masalalar bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan taqqoslama tahlillar ham o‘tkazildi.
Bundan tashqari, delegatsiya Gruziya bojxona organlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, bojxona ma’murchiligidagi so‘nggi islohotlar, raqamlashtirish jarayonlari, chegara nazorati, avtotransport vositalarini rasmiylashtirish, xavflarni boshqarish hamda maqsadli tekshiruvlarni amalga oshirish tizimlari bo‘yicha tajriba almashdi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi “Sadaxlo” chegara bojxona posti va “Tbilisi” bojxona rasmiylashtiruv zonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra, Gruziya Moliya vazirligi hamda O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida byudjet-soliq siyosatini belgilash, makroiqtisodiy prognozlarni amalga oshirish, tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish hamda soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA