Navoiy temir yo‘l vokzalida Xitoy Xalq Respublikasining “CRRC Zhuzhou Locomotive Co., Ltd” kompaniyasida ishlab chiqarilgan O’Z12T ikki seksiyali yuk poyezdlarini tortishga mo‘ljallangan zamonaviy teplovozning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida so‘zga chiqqanlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan yirik loyiha va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, yagona temir yo‘l tarmog‘i yaratilganligini ta’kidladi. Shuningdek, temir yo‘l transporti mamlakat iqtisodiyotida yetakchi o‘rinni egallab, uning ko‘p qirraliligi ya’ni, yilning istalgan vaqtida aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga xizmat ko‘rsatish hamda xalq xo‘jaligi ehtiyojlarini ta’minlash, uzoq masofalarga katta hajmdagi yuk tashish samaradorligi va tannarxning arzonligi alohida qayd etildi.
[gallery-24390]
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan temir yo‘llarda transformatsiya jarayonlari olib borilmoqda, – deydi “Temir yo‘l infratuzilma” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Avazbek Ahmedov. – Bu jarayonda yangi lokomotivlar sotib olish, infratuzilmani yangilash bo‘yicha bir qator topshiriqlar berilgan. Ushbu topshiriqlarni ta’minlash maqsadida Xitoy Xalq Respublikasidan ikki seksiyali lokomotiv olib kelindi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati lokomotiv parkini yangilash loyihasi doirasida bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilingan ushbu O’Z12T ikki seksiyali teplovozning quvvati 7200 kVt bo‘lib, 7 ming tonnalik yuk poyezdlarini tortish imkonini beradi.
Zamonaviy teplovozning yuqori tezligi soatiga 120 kilometrdan iborat bo‘lib, 16 silindrli ichki yonuv dvigateli bilan jihozlangan. Yoqilg‘i sarfi 200 (g/KvT*soat)gacha. Teplovozda juda mustahkam avtomatik, pnevmatik va elektrli tormoz tizimi o‘rnatilgan.
– Qizilqum diyori turli ma’danlarga boy. Bu ma’danlarni qazib, qayta ishlash korxonalariga yetkazib berish murakkab jarayon, – deydi “NKMK” AJ boshqaruv raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanoqulov. – Bugungi kunda konlardan qayta ishlash korxonalariga yetkazib berilayotgan ma’danlar hajmining 60 foizdan ko‘prog‘i temir yo‘l transporti orqali tashilmoqda. Bugun Navoiyga keltirilgan ushbu ikki seksiyali teplovoz korxona yuklarini tashish uchun foydalaniladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin kunlarda yurtimizga yana 3 ta teplovoz olib kelinadi. Yil yakuniga qadar esa qo‘shimcha 4 ta teplovoz va 2 ta elektrovoz, shuningdek, 2 ta modernizatsiya qilingan “O‘zbekiston” rusumli elektrovoz keltiriladi.
– “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyat va Xitoy Xalq Respublikasining “CRRC Zhuzhou Locomotive Co., Ltd” kompaniyasi bilan dastlabki hamkorlik 2003 yilda 12 ta “O‘zbekiston” rusumli elektrovoz xarid qilinganda boshlangan edi, – deydi O‘zbekistondagi Loyiha bosh direktori Li Ze Xin. – Ishonchli hamkorlikning davomi esa 2015 yilda 15 ta O‘Z-Y rusumli yo‘lovchi elektrovozlarini xaridi bo‘ldi. Xitoydan keltirilgan elektrovozlar O‘zbekiston temir yo‘llarida samarali xizmat ko‘rsatib, yurtingiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotganidan xursandmiz. Loyiha doirasida kompaniyamiz tomonidan 2033 yilga qadar umumiy 38 ta yangi lokomotivlar yetkazib berish hamda 12 ta elektrovozni modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.
Tadbirdan so‘ng Navoiy shahridagi “Tinchlik lokomotiv deposi”ga press-tur uyushtirilib, ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar, lokomotivlarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlari bilan tanishildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari