Shu yilning 9 iyulida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmani yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida barcha darajadagi rahbarlarga muhim vazifalar belgilab berildi.
Namangan shahrida mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi taklifiga asosan shahar hokimligi tomonidan eng gavjum maskanlardan bir Alisher Navoiy ko‘chasiga tutash Usmon Nosir ko‘chasini ochish bo‘yicha sa’y-harakatlarga kirishildi.


Endilikda, atoqli shoir va ma’rifatparvar jadid nomi bilan ataladigan ko‘cha avtomashinalar qatnovi uchun ochildi hamda bir taraflama harakat tartibi joriy etildi. Quvonarlisi shundaki, ushbu amaliy tashabbus ijrosi natijasida, asosiy ko‘chadagi harakat tartibga solinadi, tirbandliklarning oldi olinadi.


Viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ushbu hududda harakatlanayotgan haydovchilarga yangi tartibga qat’iy amal qilishni, yo‘l belgilariga e’tiborli bo‘lishni so‘rab, murojaat bilan chiqdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.