Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida sohadagi ishlar ko‘lami bilan tanishdi. Jumladan, “Oybek” fermer xo‘jaligidagi paxta maydonlarida olib borilayotgan agrotexnik ishlarning natijadorligi yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
Mazkur xo‘jalik 88,3 gektar yer maydoniga ega bo‘lib, shundan 40 gektariga paxtaning istiqbolli “Porloq-7” mahalliy navi ekilgan.
Bu dalani oddiy yer emas, balki ilmiy yondashuv asosida tashkil etilgan agroeksperiment maydoni deb atash mumkin. Maqsad kelajakda yuqori hosildorlikka erishish yo‘lida ilg‘or tajriba va uslublarni sinovdan o‘tkazishdir.

Daladagi har bir tupga mehr bilan qaralgan. G‘o‘zalarda o‘rtacha 13–14 tadan ko‘sak shakllangan bo‘lib, 7–8 tagacha hosil elementlari mavjud. Bu ko‘rsatkichlar har bir ko‘chatda fidokorona mehnat, bilim va kelajakka bo‘lgan ishonch mujassam ekanidan dalolat beradi.
Ibrohim Abdurahmonov agrotexnik tadbirlarning to‘liq va sifatli amalga oshirilganini alohida e’tirof etdi. U bu kabi ilg‘or tajribalarni boshqa hududlarga ham keng joriy etish zarurligini ta’kidladi. Xususan, “Porloq-7” navini kelgusi yillarda kengroq ekish, ko‘chatlar sonini ko‘paytirish orqali hosildorlikni bir necha baravarga oshirish mumkinligini bildirdi.

Vazir Peshku va Vobkent tumanlarida joylashgan paxta ekin maydonlari bilan ham yaqindan tanishdi. Dastlab Peshku tumanidagi fermer xo‘jaliklarining ekin maydonlari ko‘zdan kechirildi. Mazkur hududlarda paxtaning vegetatsiya davridagi holati, agrotexnik tadbirlarning bajarilishi, sug‘orish rejasi va begona o‘tlarga qarshi kurash ishlari o‘rganildi.

Vazir dala maydonlarini ko‘zdan kechirar ekan, paxta parvarishida barcha agrotexnik tadbirlarni belgilangan jadval asosida va sifatli bajarish muhimligini ta’kidladi. Jumladan, begona o‘tlarni muntazam nazoratga olish, sug‘orish va oziqlantirishni ilmiy asosda tashkil etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berdi.

Shuningdek, Vobkent tumanidagi paxta maydonlari holati ham ko‘zdan kechirildi. Xususan, suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan hududlardagi ijobiy tajriba alohida qayd etildi. Tomchilatib sug‘orish tizimlarining samaradorligi, dala chetlari va ariqlardagi tozalik, yer osti suvlarining darajasi va agrofon holati atroflicha o‘rganildi.
Vazir o‘z navbatida, har bir gektardan yuqori hosil olish uchun har bir kun hisobli ekani, paxtani “tirik organizm” deb bilsak, uni parvarishlash ham uzluksiz, izchil va puxta bo‘lishi kerakligi hamda barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida, sifatli va kompleks tarzda bajarilishi lozimligini qayd etdi.
Shuningdek, vazir joylardagi mutasaddilarga suv ta’minotini aniqlashtirish, agroxizmatlarni sifatli tashkil etish, zararkunandalarga qarshi kimyoviy ishlovlarda mutaxassis maslahatlariga tayanish, hamda zamonaviy texnologiyalar yordamida dalalarni monitoring qilishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq tavsiyalar berdi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov Olot tumanidagi “Mergan teks” klasteri tasarrufidagi trikotaj ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.