Ma’lumki, “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan nufuzli yetakchi universitetlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida ta’lim olish uchun Jamg‘armaning 2025 yil birinchi ochiq stipendiya tanlovi e’lon qilingan edi.
Mazkur stipendiya tanlovi uchun o‘rinlar ajratishda STEM yo‘nalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika) hamda iqtisodiyotning drayver sohalari (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura va qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, geodeziya, yer munosabatlari) shuningdek, davlat boshqaruvi va boshqa dolzarb ijtimoiy yo‘nalishlarga (tibbiyot, ta’lim) maqsadli asosda alohida ustuvorlik berilgan.
Hozirda ochiq stipendiya tanlovi doirasida suhbat bosqichi davom etmoqda.
Qayd etilishicha, Jamg‘arma ta’lim dasturlari bo‘yicha stipendiya g‘oliblarining yakuniy ro‘yxati tanlov yakunlangandan so‘ng uzog‘i bilan bir oy muddat ichida Jamg‘arma boshqaruvi kengashi qarori bilan tasdiqlanadi hamda e’lon qilinadi.
Suhbat uchun belgilangan eng yuqori 100 balldan kamida 61 ball olgan nomzodlar “suhbatdan o‘tgan” deb e’tirof etiladi.
Jamg‘arma Tanlov komissiyasi tomonidan “suhbatdan o‘tgan” deb e’tirof etilgan nomzodlar orasidan test va suhbat bosqichlari natijalariga asosan to‘plangan umumiy ballardan kelib chiqib, “Xalqaro reytinglarning eng yuqori 300 talik xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari ta’lim dasturlariga qabul qilingan nomzodlar uchun imtihonlar asosida kvotalar” doirasida tanlov g‘oliblari aniqlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA