Shu kunlarda Yaponiyaning Tokio va Osaka shaharlarida "Ekspo-2025" xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda mamlakatimiz hunarmandlari, jumladan, rishtonlik mashhur kulol Baxtiyor Nazirov o‘zining noyob kulolchilik asarlari bilan ishtirok etmoqda.
Ma’lumki, Rishton Farg‘ona vodiysining qadimiy shaharlaridan biri bo‘lib, qadim zamonlardan Markaziy Osiyodagi eng yirik ajoyib sirlangan sopol buyumlar markazi hisoblanadi. Shahardagi Daxbed, Chinnigaron, Kuzagaron, Kulolon mahallalarida kulolchilik rivojlangan.

Rishtonlik mohir usta Baxtiyor Nazarov ham milliy kulolchilik an’analarini mukammal darajada namoyon etib, o‘zining yuksak mahorat bilan ishlangan buyumlari orqali yurtimiz madaniyati va san’atini dunyoga tanitmoqda.
Ayni kunlarda u tomonidan yaratilgan kulolchilik buyumlari tokioliklarning e’tiboriga sazovor bo‘lib, hunarmandimizning mehnati va mahorati yuksak baholanmoqda.
Ta’kidlash joizki, bu kabi yirik xalqaro tadbirlarda ishtirok etish o‘zbek hunarmandining jahon sahnasidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA