Jizzax viloyati Forish tumanida tabiati xush manzara qishloqlar ko‘p. l qishlog‘i ulardan biri. Bu qishloqda bir necha asrlar bilan bo‘ylashgan bir tup sarv – archa daraxti bor.
Davlatimiz mustaqillikka erishganidan keyin ko‘pgina davlatlar, xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonning tarixiga, tabiatiga qiziqib qolgan edi. Hatto, BMT “ProNuratau” loyihasini ishlab chiqib, “Nurota” qo‘riqxonasida saqlanayotgan endemik olqorlarni asrab qolish bo‘yicha ilmiy-amaliy tadbirlarni ishlab chiqqan edi.
Germaniyalik tarixchi-olimlarning ta’kidlashicha, yer sharimizda ming yildan ortiq yoshga ega bo‘lgan 3 tup archa bor. Ularning biri Kanadada, ikkinchisi Xitoyda va uchinchisi O‘zbekistonning Jizzax viloyati Forish tumanida ekan. Mamlakatimizda nemis olimlari bilan hamkorlikda mazkur archa daraxtining yoshini aniqlash bo‘yicha maxsus loyiha amalga oshirilgan.
– O‘sha loyiha bo‘yicha qilingan eng katta ish ana shu archaning yoshini aniqlash bo‘lib, buning uchun Germaniyadan bir guruh mutaxassislar chaqirildi, ular oldiga sarvning yoshini aniqlash vazifasi qo‘yildi. Ushbu archa yoshini aniqlash loyihasi ijrosida Forish tumani hokimligi axborot xizmati rahbari sifatida men ham ishtirok etganman, – deydi jurnalist Rashid Karimov. – Ushbu daraxt tanasining diametri taxminan 24 metr, markaziy shoxlarining aylanasi 12 metr, har tarafga tarvaqaylagan pastki shoxlari vaznining og‘irligi tufayli yer ustida yotadi. Sarv daraxti tanasi kovaklariga 4-5 nafar odam bemalol sig‘adi. O‘zbekistonlik va yana bir qancha nemis olimlari Mojrum qishlog‘iga kelib fuqarolar, asosan keksalar bilan muloqot qildi, archa tarixi haqidagi rivoyat va afsonalar haqida so‘rashdi. Muloqotlar chog‘ida mojrumliklar archani Aleksandr Makedonskiy davrida ekilgani haqida bobo kalonlaridan eshitib to bizgacha yetib kelgan rivoyat hamda afsonalarni so‘zlab berdi.
[gallery-24369]
Darvoqe, tarixga murojaat qiladigan bo‘lsak, Aleksandr Makedonskiyning otasi Filipp II o‘ldirilgach, Aleksandr 20 yoshida shoh deb e’lon qilinadi va otasi o‘limiga sababchi bo‘lgan Frakiya qo‘zg‘olonini bostirtiradi.
Yevropadagi muvaffaqiyatli yurishlaridan so‘ng, miloddan avvalgi 334 yilda Aleksandr kichik Osiyoga o‘tib, fors imperiyasi bilan urush boshlaydi va miloddan avvalgi 333 yilda Shoh Doro III ni mag‘lub etadi. Uni o‘ldirib, qiziga uylanadi va “Osiyo qiroli” unvonini oladi. Sharqiy zodagonlar vakillarini atrofiga yig‘ib, dunyoni zabt etishga kirishadi. O‘rta Osiyoda joylashgan Baqtriya, So‘g‘diyona, Marg‘iyona kabi davlatlarni juda katta qiyinchilik bilan egallaydi. Argeadlar sulolasidan chiqqan makedoniyalik podshoh Aleksandr Makedonskiy O‘rta Osiyoga bostirib kirganda bu hududda yashayotgan aholi juda qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Ana shu janglardan birida podshohning oliymaqom sarkardalaridan biri va uning ko‘plab askarlari aynan hozirgi Mojrum qishlog‘i yaqinidagi jangda o‘ldiriladi.
Makedoniyada joriy etilgan tartib bo‘yicha zodagon sarkardalar halok bo‘lsa, jasadi vatanidagi ibodatxonaga dafn qilinishi lozim bo‘lgan. Shu sababli Makedonskiy sarkardani vaqtincha (uning qo‘l ostidagi halok bo‘lgan askarlarini ham) tog‘lar poyiga dafn qilib, har bir qabr atrofiga archalar ekib qo‘yishni buyuradi. U sarkarda jasadini to‘liq g‘alabaga erishgandan keyin o‘z yurtiga olib ketishni maqsad qilgan ekan. Ana shu, necha ming yillik sarv, Nurota bag‘ridagi qabr yoniga ekilgan archalardan biri ekan.
Nemis olimlari archa yoshini aniqlash bo‘yicha olib borgan izlanishlari natijasida sarv 1500 yoshdan ham ulug‘ degan xulosaga kelgan. Shundan so‘ng sarv daraxti BMT muhofazasiga olindi va eng qadimiy 3 ta daraxtning biri sifatida “Biota” deb nomlandi.
– Bu archa 2 ming – 2300 yoshda, deb o‘ylayman, – deydi 75 yoshlik mojrumlik faxriy pedagog Jo‘raboy bobo Rahimov. – Ota bobokalonlarimizning tillaridan bizgacha yetib kelgan hikoyalariga ko‘ra, ushbu savr daraxti Aleksandr Makedonskiyning buyrug‘i bilan ekilgan ekan. Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, shoh Makedonskiy miloddan avvalgi 356 yilda Argeado sulolasida dunyoga kelgan va miloddan avvalgi 336 yilda vafot etgan. Demak o‘sha davr bilan bugungi asrimizning 2025 yillini qo‘shsak, archa taxminan 2300 yoshdaligi ma’lum bo‘ladi. Otamning 12 yoshida ya’ni 1909 yilda juda katta sel kelib, kattagina archazorni olib ketgan. Faqatgina ana shu bir tup archa qolgan. O‘sha seldan so‘ng milloddan avvalgi 330-335 yillarda Aleksandr Makedonskiy qo‘shini tomonidan vayron qilingan Mojrum qishlog‘i hududidagi qal’a devorlari ham ochilib qolgan. Eshitishimcha, hozir qal’a vayronalarida arxeologik qazilma ishlari boshlanar ekan. Ana shundan so‘ng ushbu archaning yoshi ham aniq bo‘lsa, kerak.
Ayni paytda ushbu qadimiy sarvni minglab mahalliy, yuzlab xorijiy sayyohlar ko‘rgani kelmoqda va bu tabiat mo‘jizasini muqaddas daraxt sifatida ziyorat qilmoqda. Tabiat ixlosmandlariga qulaylik yaratish uchun tog‘ bag‘rida mehmon uylari qurilib, yo‘llar ta’mirlanmoqda, tungi yoritgichlar o‘rnatilmoqda va ko‘plab bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Ana shu loyiha nihoyasiga yetgach, asrlar bilan bo‘ylashadigan, uzoq tarixni tanasida sir saqlab kelayotgan ushbu archa joylashgan joy sayyohlar eng ko‘p keladigan maskanga aylanadi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri