NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bir necha marta ta’kidlaganidek, Rossiyaning yillik o‘q-dori ishlab chiqarish quvvati tuzilmanikidan to‘rt barobar yuqori bo‘lib qolmoqda.
O‘tgan oy Londonda u shunday degandi:
– G‘arb ittifoqi o‘q-dori ishlab chiqarish bo‘yicha Moskvadan ancha ortda qolmoqda. Rossiya uch oyda ishlab chiqaradigan mahsulot miqdorini to‘plash uchun Shimoliy Atlantika alyansi bir yil sarflaydi. Putinning urush mashinasi sekinlashmaydi, balki tezlashadi.
Ryutte bu gapni omma oldida aytgan.
Shu bilan birga u quyidagi qiyosni ham keltirgan:
– NATO iqtisodiyoti Rossiyanikidan 25 barobar kuchli.
Bu da’voda asos bormi? Mavjud ma’lumotga tayanadigan bo‘lsak, 2024 yil Rossiya haqiqatan ko‘proq o‘q-dori ishlab chiqargan bo‘lishi mumkin. RFning harbiy ishlab chiqarish quvvati haqidagi ma’lumot maxfiy. Ekspertlar bahoni rasmiy hisobot, razvedka ma’lumoti va tarixiy trendga tayanadigan tahlillar orqali bermoqda. Anig‘i shuki, harbiy amaliyot boshlangach, Moskva o‘q-dori tayyorlashni sezilarli darajada oshirdi. Estoniya tashqi razvedka xizmati hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiya 2022 yil 400 000 artilleriya snaryadi ishlab chiqargan yoki ta’mirlagan, 2024 yil bu raqam 4,5 millionga yetgan – ya’ni 11 barobar oshgan. Konsalting kompaniyalari tahlili ham shu natijani ko‘rsatadi.
Rossiya asosan 122 mm va 152 mm kalibrli snaryad ishlab chiqaradi. NATOning bu boradagi standarti – 155 mm.
Rossiya tovari NATOning 4000 dollarlik snaryadiga nisbatan ancha arzon – taxminan 1000 dollarga tushadi.
Qolaversa, Moskva ittifoqchilari orqali ham o‘q-dori zaxirasini boyitmoqda. Janubiy Koreya razvedkasiga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga 12 million snaryad yetkazib bergan. Bu raqam mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan esa-da, “The Wall Street Journal” tahlilida KXDR ishlab chiqarish quvvatini oshirgani, RFga yuborayotgan aslahasi miqdorini oshirgani keltiriladi.
Germaniya xalqaro va xavfsizlik ishlari instituti ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil Yevropa va AQSH birgalikda 1,2 million snaryad tayyorlagan. Rossiyanikidan to‘rt barobar kam bu raqam ham NATO Bosh kotibi bayonotiga mos.
Boshqa ittifoqchilar – Norvegiya, Buyuk Britaniya va Kanada yetkazib berish salohiyatini oshirmoqda. Afsuski, ko‘p davlatlar so‘zining ustidan chiqishga qiynalyapti. Masalan, YeI Ukrainaga bir million snaryad jo‘natish va’dasini muddatida bajara olmadi. Shundan keyin Chexiya xalqaro mablag‘ yig‘ish tashabbusi orqali 16 davlatni jalb etib, Kiyevga 2 millionga yaqin o‘q-dori yubordi. Ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri dastur moliyalashtirilishi 2026 yilgacha kafolatlangani, faqat hujjat kelajagi oktyabrda bo‘lib o‘tadigan saylovga bog‘liqligini ta’kidlagan.
Bundan tashqari G‘arb zaxiraning qanchasini Ukrainaga yuborishi ham aniq emas. Kiyev ma’lum qilishicha, frontda Rossiya hujumiga qarshi turish uchun har oy kamida 200 000 snaryad kerak bo‘ladi.
Prezident Vladimir Zelenskiy ma’lum qilishicha Ukraina 2025 yil davomida ittifoqchilardan taxminan 3 million o‘q-dori olishga umid qilmoqda.
Binobarin, G‘arb davlatlari hamon ishlab chiqarish sanoatini to‘liq ishga tushira olmagan. Eng asosiy muammolardan biri – portlovchi moddalar yetishmasligi. Masalan, Polshada faqat bitta zavod trotil ishlab chiqarar ekan.
Demak, xulosa qilish mumkinki, G‘arbning iqtisodiy salohiyati yuqori bo‘lsa-da, amaldagi ishlab chiqarish hajmi Rossiyaga yeta olmayapti.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/a3A5dKrNSzI?si=C8qbAFH_ykhxg4Na" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA