Vengriya poytaxtida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Vengriya hukumatlararo komissiyaning 10-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Sheriklik ko‘lamini kengaytirish, muhim sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirish istiqboli muhokama qilingan uchrashuvda mamlakatimiz nomidan investitsiya, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, mezbon tomondan esa tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto qatnashdi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni bajarish, iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish jarayoni tahlil qilindi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiya munosabatini mustahkamlash, sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi ilm-fan va ta’lim sohasida kooperatsiyani rivojlantirish masalalari ham diqqat-markazida bo‘ldi. Ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida biznes aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish so‘ngida istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab beruvchi O‘zbekiston – Vengriya Hukumatlararo komissiya yakuniy protokoli imzolandi.
Rasmiy dastur doirasida tomonlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan “Stipendium Hungaricum” ta’lim dasturi doirasida hamkorlik o‘rnatish hamda “Basalt Group” kompaniyasi va “MOL” energetika korporatsiyasi o‘rtasida ishlab chiqarishga innovatsion yechim joriy etishga yo‘naltirilgan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish to‘g‘risida ikki memorandum imzolandi.
O‘zbekiston – Vengriya biznes forumida yetakchi kompaniyalar vakillari biznes sherikligini kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha aniq rejalar tuzib olishdi.
Aziza Alimova, O‘zA