So‘x so‘lim va go‘zal tabiati bilan boshqa hududlardan ajralib turadi. Yana bir muhim jihati u anklav hududda joylashgan. Mamlakatning katta hududi bilan bog‘lanishda ma’lum rasmiyatchiliklar, ba’zida muammolar ham uchrab turadi. Shuning uchunmi, So‘x va so‘xliklar hamisha davlatimiz rahbarining e’tiborida. Soliq imtiyozlari, oliy o‘quv yurtlariga kvotalar, yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash kabi dasturlar amalda. So‘nggi yillarda esa bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlariga katta mablag‘ ajratildi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, ichki ko‘chalardagi yo‘llarni ta’mirlash, simyog‘och ustunlar va transformatorlarni yangilash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Bu yil So‘x tumanida 15 kilometr ichki yo‘llar asfalt qilinishi rejalashtirilgan, – deydi tuman yo‘l va ko‘prik bo‘limi boshlig‘i Hafiz Qo‘ldoshev. – Aslida barcha ichki yo‘llar o‘tgan yili asfalt qilingan edi. Hozir chet joylarda qolib ketgan yoki yangi ochilgan ichki yo‘llarga asfalt yotqizyapmiz. Hozircha 3 kilometrdagi ishlarni yakunladik. Guliston, Sarikanda, Novobot mahallaridagi ichki ko‘chalar asfalt qilindi.

Sarikanda So‘xning nomdor mahallalaridan biri. Bu yerda asfaltlanmagan ichki ko‘chalar bor edi. Mana endi eng chet tog‘-adir etagiga tutash ko‘chalarga ham texnikalar kelib zarur qalinlik va kenglikda, loyiha asosida asfalt qoplanyapti. Bunday tezkor va sifatli, ya’ni issiq asfalt yotqizishda So‘xning o‘zida ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilgani qo‘l kelmoqda.

Bu ishlardan aholi juda mamnun.
– Anorbog‘ ko‘chasida 40 yildan buyon yashayman, – deydi mehnat faxriysi Malika Shomurodova. – Mana yo‘limiz ravon bo‘ldi. Loy yo‘q, chang yo‘q. Bolalarimiz bemalol bog‘cha, maktabga borib kelmoqda. Ilgari bu ko‘chalar o‘nqir-cho‘nqir edi. Qishda loy, yozda chang bo‘lardi. Hozir zamonamiz tinch osmonimiz musaffo. Prezidentimizga ming rahmat. Biz so‘xliklar ulardan juda minnatdormiz.

– Ko‘chalarimiz obod bo‘ldi. Elektr simlari, transformatorlar yangilandi. Endi esa asfalt qilishyapti. Quvonchimizning cheki yo‘q, – deydi mahalla fuqarosi Dilorom Shomurodova.

Mamlakat mustaqilligining 34 yilligi arafasida So‘x tumanida obodonlashtirish va qurilish ishlari yanada avj olgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/z_bPG4plTkY?si=C-Qz8DOu1fUpMf8i" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov