Xitoyda boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etib, yakunda 3 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Jumladan, vazni -63,5 kg. bo‘lgan Abdulloh Madaminov barcha raqiblaridan ustun kelgan holda shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, +92 kg. vazn toifasidagi oltin medal umidli charm qo‘lqop ustamiz Arman Maxanovga nasib etdi. Qizlar o‘rtasidagi -66 kg. vaznda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Dilfuza Bekova musobaqa davomidagi har bir jangda zafar quchdi. Shuningdek, o‘z vazn toifalarida Nigina O‘ktamova kumush, Zilolaxon Yusupova, Muxlisa Xushvaqtova, Rashida Tagirova hamda Samandar Habibullayev bronza medali bilan taqdirlandi.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ayni damda Xitoyning Futszyan shahrida navbatdagi xalqaro qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etmoqda. Ikki hafta davom etadigan ushbu yig‘inga Farzona Fozilova, Sabina Boboqulova, Feruza Kazakova, Nigina O‘ktamova, Sitora Turdibekova, Navbahor Hamidova, Aziza Zokirova, Sohiba Ro‘zmetova hamda Oltinoy Sotimboyeva kabi charm qo‘lqop ustalarimiz jalb etilgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA