Shvetsiyaning Gyoteborg shahrida futbol bo‘yicha “Gothia Special Olympics Trophy – 2025” butunjahon yoshlar kubogida dunyoning 25 ta davlatidan maxsus Olimpiada terma jamoalari ishtirok etdi.
Biz uchun ahamiyatlisi, ushbu musobaqada O‘zbekiston Maxsus Olimpiada milliy terma jamoasi tarkibidan 78-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda tahsil olayotgan o‘quvchilar o‘rin oldi. Ular guruh bosqichida 12 ochko to‘plab, finalda Italiya termasi bilan raqobatlashdi. Ushbu uchrashuvda futbolchilarimiz 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, bosh sovringa ega chiqdi.

Shuningdek, musobaqaning qizlar o‘rtasidagi bahslarida finalga qadar yetib borgan terma jamoamiz so‘nggi hal qiluvchi final o‘yinida Germaniya termasiga 1:0 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va “Gothia Special Olympics Trophy – 2025” kubogining vitse-chempioniga aylandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA