Germaniyada davom etayotgan XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarining dastlabki kuni sportchilarimiz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.
Jumladan, musobaqaning tennis bellashuvlarida hamyurtlarimizdan Maksim Shin hindistonlik Kabir Xansni, Amir Milushev germaniyalik Nino Totoni, Dariya Shubina esa ekvadorlik Mariya Bernardani yengdi va ikkinchi bosqichga yo‘l oldi.

Badiiy gimnastika bahslarining ko‘pkurash yo‘nalishida Taxmina Ikromova to‘pda mashq bajarishda 28.300 ball, halqada esa 27.800 ball to‘plab, ushbu yo‘nalishlarning saralashidan o‘tdi. Bugun, 18 iyul kuni musobaqaning bulava hamda tasmada mashq bajarish bo‘yicha saralash bahslari bo‘lib o‘tadi. Umid qilamizki, unda T.Ikromova muvaffaqiyatli chiqish qiladi.

Shuningdek, Eldorbek Usmonov 50 metr masofaga batterflyay usulda suzish bo‘yicha o‘tgan bahslarning ilk bosqichida 23.40 soniya natija qayd etgan bo‘lsa, yarim finalda finishga 23.31 soniyada yetib keldi. Shu tariqa suzuvchimiz ushbu yo‘nalishda medallar uchun kurash olib borish huquqini qo‘lga kiritdi.

XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarida vakillarimiz ishtiroki davom etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA