Yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish doirasida tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, shu bilan birga tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bir vaqtlar faqatgina poytaxtda amalga oshirilgan murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda viloyat va tuman markazlaridagi shifoxonalarda ham bajarilmoqda. Xullas, bugungi kunda qilinayotgan har bir ezgu amal, islohot “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan holda olib borilmoqda.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filiali aholiga uzluksiz tibbiy xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan muassasa bo‘lib, u yerga kuniga yuzlab og‘ir ahvoldagi bemorlar olib kelinadi. Bugungi kunda markazda 20 dan ziyod mutaxassislik bo‘yicha yuqori malakali tibbiy yordam, 200 o‘rinli zamonaviy statsionar mavjud. Yiliga 5 mingga yaqin xorijiy tajribalarga asoslangan amaliyotlar o‘tkazilmoqda.
[gallery-24350]
Yaqinda Moskva shahridagi “Yurak-qon tomir kasalliklarining ilmiy tadqiqot instituti” professori Andrey Shelesko markazga tashrif buyurdi. Filial rahbari Bahrom Jalolov Andrey Shelesko bilan intervension angiologlar bilan xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
– Ko‘p yillardan buyon Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab kelmoqdamiz, – deydi A.Shelesko. – U yerda endoskulyar jarrohlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat mashg‘ulotlari o‘tib kelganmiz. Nevro intervenso-bosh miyaning anevrezmini davolash, ishemik insult, shuningdek, onkologik kasalliklar bo‘yicha ham mahorat darslari, seminarlar o‘tkazganmiz. Hozirda periferik kasalliklarni davolash bo‘yicha shug‘ullanyapmiz. Bugun meni Navoiy viloyatiga taklif qilishdi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filiali mutaxassislari bilan hamkorlikda jarrohlik amaliyotini o‘tkazyapmiz. Bunday kasalliklar juda ko‘p. Diabet, ateroskleroz kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar bizning yordamimizga muhtoj. Bugungi jarrohlik amaliyoti ko‘p yillik hamkorligimizga yo‘l ochadi.
Tashrif davomida Andrey Shelesko tomonidan 1956 yilda tug‘ilgan bemorga amaliy yordam ko‘rsatilib, murakkab operativ amaliyot o‘tkazildi.
Bunday turdagi amaliyotlarning filialda o‘tkazilishi yurtimizda tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlarning samarasidir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/524Gm7yhmWM" title="RSHTYOIM Navoiy filiali – zamonaviy tibbiyot sari yo‘l" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat+video), O‘zA muxbirlari