Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining deputatlik guruhi tomonidan poytaxt Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Transport boshqarmasining 2025 yil birinchi yarmida amalga oshirgan ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.
Eshituv davomida ta’lim tizimi islohotlari bo‘yicha belgilangan maqsadlarning Toshkent shahridagi ijrosi, faoliyat natijadorligi, yo‘l haqi to‘lovida shaffoflik va tushumlarni ta’minlash, haydovchining moliyaviy bog‘liqligini kamaytirish va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasidagi amaliy tashabbuslar muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur davr mobaynida Toshkent shahri bo‘yicha maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 165 ming 932 nafar bola qamrab olingan. Bu Toshkent shahar bo‘yicha maktabgacha ta’lim yoshidagi 209 ming 922 nafar bolaning 79 foizini tashkil etgan.
Hisobot davrida 324 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etilgan. 105 ta maktabning 10-sinf o‘quvchilari uchun 4 ta yo‘nalishda tanlov fanlari belgilangan va o‘quvchilarga chuqurlashtirilgan holda bilim berish yo‘lga qo‘yilgan.

Shahar Transport boshqarmasi mutasaddilari tomonidan taqdim etilgan axborotga ko‘ra, poytaxt aholisiga sifatli jamoat transporti xizmatini ko‘rsatish, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 5 ming 454 ta infokiosklarda naqd pulga (3000 so‘m) QR chiptalari xarid qilish imkoniyatlari yaratilgan. Transport kartalariga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida joriy yilda qo‘shimcha 270 ming dona transport (ATTO) kartalari tarqatilgan. Hisobot davrida jamoat transportida 205,5 mln. nafar yo‘lovchi tashilgan.
Muhokamalarda har ikkala boshqarma tizimidagi faoliyat davomida aniqlangan muammo va kamchiliklar chuqur tahlil qilinib, ularni hal etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
M.Komilova, O‘zA