Yurtimizda iyul yozning boshqa oylariga nisbatan issiq kechadi. So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishlari sababli bu davrda hatto anomal issiq holatlari kuzatilmoqda. Haroratning keskin ko‘tarilishi, ko‘p joylarda 45 darajagacha issiq bo‘lishi insonga shunchaki noqulaylik tug‘dirib qolmay, sog‘liq uchun ham xavfli hisoblanadi.

Iyul oyining boshlarida ham yurtimiz bo‘ylab anomal issiq kuzatilgan edi. Ushbu davrda tez yordam xizmatiga 247 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Bugundan boshlab yana issiq ob-havo kuzatilmoqda. “O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, yangi issiqlik to‘lqini 19 iyulga qadar davom etadi. 

Oramizda “men sog‘lomman”, “men yoshman”, “men pishiqman” degan fikrlar bilan issiqni jiddiy qabul qilmaydiganlar ham bor. Ammo mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bunday haroratda organizmga tushadigan yuklama faqat keksa yoki bemorlar emas, balki sog‘lom insonlar uchun ham xavfli bo‘lishi mumkin.

Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari bu kunlarda aholini ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirmoqda.

– Jazirama, ayniqsa, yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday paytda insonning yurak urishi tezlashib, qon bosimi ko‘tariladi. Shuningdek, organizm haroratni me’yorda saqlash uchun ko‘proq energiya sarflaydi. Oqibatda inson kuchli terlaydi. Bu esa tananing suvsizlanish xavfini yanada oshiradi. Shu sababli issiq havoda bir qancha ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etiladi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Ekologik diplomatiya bo‘limi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov. 

Kunning eng xavfli 4 soati, ya’ni 12:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida havo nafaqat issiq, balki inson organizmiga eng ta’sir qiluvchi bosimni beradi. Agar bu vaqtda ko‘chaga chiqish shart bo‘lsa, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish, imkon qadar soya joylardan yurish va albatta, gazlanmagan, shirin bo‘lmagan oddiy ichimlik suvi olib yurish tavsiya etiladi. 

Shuningdek, uy sharoitida ham issiqqa qarshi choralar ko‘rish muhim. Kunduzi quyosh tushadigan tomondagi derazalarni yopib qo‘yish kerak, kechqurun yoki tongda xona havosini shamollatish, kir yuvish mashinasi kabi issiqlik chiqaruvchi uskunalarni faqat kechga qoldirish kerak. 

Issiq kunlarda sintetik matodan tikilgan, tor va qora rangli kiyimlar noqulaylik tug‘dirish bilan birga, salomatlik uchun ham zararlidir. Shu bois, mutaxassislar yengil, tabiiy matodan tikilgan, keng va och rangli kiyimlar, bosh uchun keng soyabonli shlyapa, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklarni tavsiya etadi. 

Bilasizmi, tanada suv yetarli bo‘lmasa, qon quyuqlashadi, harorat nazorati izdan chiqadi, yurak tez uradi, holsizlik, bosh aylanishi va hatto yurak xuruji ehtimoli paydo bo‘ladi. Buning oldini olish uchun har 30-60 daqiqada 1-2 stakan suv ichish tavsiya etiladi. 

Hattoki, jismoniy faollik faqat salqin xonalarda amalga oshirilishi kerak. Ochiq havoda yugurish yoki mashq qilish organizmni suvsizlantirishi va charchatishi mumkin ekan. Imkoni bo‘lsa, konditsionerli yopiq zalda shug‘ullanish, mashg‘ulotdan oldin va keyin suv ichish, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi bo‘lsa, mashqni to‘xtatish va eng muhimi, surunkali kasalliklar bor bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashish shart. 

Bir qarashda oddiy ammo sog‘lig‘imiz uchun foydali bo‘lgan ushbu tavsiyalarga amal qilish yozning jazirama kunlarida, ayniqsa, bolalar, keksalar va homiladorlar uchun juda muhimdir. 

M.Qosimova tayyorladi, O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoz-2025: jazirama issiq hayot uchun xavfli bo‘lishi mumkin