Buyuk Britaniya poytaxtida O‘zbekiston ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri tashkil etildi.
Taqdimot mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi Sofi Ibbotson va "Halal Travel" kompaniyasi asoschisi Hafsa Gaxer bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Tadbirda britaniyalik soha mutaxassislari, turistik kompaniyalar va O‘zbekistonga qiziqish bildirgan sayyohlar ishtirok etdi.
Anjuman doirasida o‘tkazilgan taqdimotda Buxoro, Samarqand, Toshkent va Xiva kabi shaharlardagi qadimiy masjid, madrasa, ziyoratgoh, muqaddas qadamjolar va tarixiy ahamiyatga ega maskanlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, mazkur shaharlardagi sayyohlik infratuzilmasi, mehmonxonalar, "halol" oziq-ovqat xizmatlari va transport imkoniyatlari alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Xorazm viloyatida 25 gektar maydonda tashkil etilgan va o‘z ichida sharqona bozor, xalq hunarmandchiligi va dekorativ-amaliy san’at ko‘rgazmalarini birlashtirgan "Arda Xiva" turistik majmuasi haqida so‘zlab berildi.
"Halal Travel" kompaniyasi asoschisi Hafsa Gaxer O‘zbekistondagi mavjud halol mehmonxonalar, ovqatlanish joylari va ibodat uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston musulmon sayyohlar uchun xavfsiz, qulay va madaniy jihatdan boy yo‘nalish ekani ta’kidlandi.
Qayd etish kerak, joriy yilning birinchi yarmida Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga oshgan.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA