O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti (YAFI) Rossiyadagi “Yangi atom va energetika texnologiyalari” loyihasi doirasida tashkil etilgan xalqaro konsorsium tarkibiga kiritildi. Bu loyiha doirasida IV avlod Ko‘p maqsadli tezkor tadqiqot reaktori (KMTTR) asosida “Rosatom” xalqaro tadqiqot dasturi amalga oshirilmoqda.
Kelishuv 2025 yil 16 iyul kuni imzolandi. Hujjatni YAFI direktori Ilhom Sodiqov hamda “Lider konsorsiuma "MSI MBIR’” MCHJ bosh direktori Vasiliy Konstantinov imzoladi.
Institutning mazkur konsorsiumda ishtirok etishi unga yangi avlod reaktorlari asosidagi ilmiy tadqiqotlarda qatnashish imkonini beradi. Bunda zamonaviy laboratoriyalar va xalqaro tajriba maydonlaridan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Tadqiqotlar asosan ekstremal sharoitlarda zarrachalar harakati va o‘zaro ta’siri modellarini eksperimental asosda tasdiqlashga qaratilgan. Bu sohadagi fundamental izlanishlar YAFI ilmiy salohiyatini yanada oshiradi.
KMTTRdagi hamkorlik Yadro fizikasi instituti uchun xalqaro maydondagi faoliyatini kengaytirish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, o‘zbekistonlik olimlarni ilmiy loyihalarga jalb qilish hamda mamlakatda ilg‘or yadroviy texnologiyalarni o‘zlashtirishga turtki bo‘ladi.
"O‘zatom" agentligi axborot xizmatiga ko‘ra, KMTTR natriyli issiqlik tashuvchiga ega, 150 MVt quvvatli tez neytron tadqiqot reaktori hisoblanadi. U turli yo‘nalishlardagi yadroviy tadqiqotlar uchun mo‘ljallangan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA