So‘nggi yillarda raqamli platformalar, xususan YouTube’ning bolalar hayotidagi o‘rni keskin ortib bormoqda. An’anaviy multfilmlar yoki kitoblar o‘rnini raqamli kontent egallagandek go‘yo. Bugungi kunda har bir uyda YouTube orqali farzandlarni ovutish odatiy holga aylangan. Biroq bu platformada bolalarga mo‘ljallangan kontentlarning ko‘pligi, sifati va psixologik ta’siri bo‘yicha jiddiy savollar tug‘ilishi tabiiy.
Quyidagi kanallar xalqaro va mintaqaviy miqyosda eng ko‘p ko‘riladigan YouTube kanallaridir:

1. Cocomelon – dunyo bo‘yicha eng mashhur bolalar kanali. Multfilmlar va qo‘shiqlar orqali ta’limiy ko‘ngilochar kontentlar taqdim etadi. Obunachilar soni 195 million va umumiy ko‘rishlar esa 206 milliarddan ziyod.

Ushbu kanal asosan 0–6 yoshlar oralig‘idagi bolakaylar uchun mo‘ljallangan. Kanaldagi kontentlarning asosiy maqsadi takroriy musiqa va qo‘shiqlar orqali bolalar nutqini rivojlantirishdir. Qolaversa, interaktiv dunyo bilan tanishuv imkonini yaratadi.
2. LooLoo Kids – YouTube’da bolalar uchun mo‘ljallangan eng mashhur va muvaffaqiyatli ta’lim-kanallardan biri hisoblanadi. 60 milliondan ortiq obunachilar va 38 milliarddan ziyod ko‘rishlar soniga ega.
Kanal bolalarning eshitish, til o‘rganish, idrok qilish qobiliyatlarini rivojlantirishni maqsad qilgan. Har bir qo‘shiqda alohida mavzu yoritiladi: gigiyena, ijtimoiy xulq-atvor, son va harflar, hayvonlar yoki tabiat. Kontent doimiy takrorlanish orqali bolaga tushunarli va yodda qoladigan bo‘lib ishlangan.
3. Little Baby Bum – bolalar uchun ta’limiy kanal hisoblanib, unda ingliz tilidagi o‘yinli she’rlar, qo‘shiqlar va multfilmlar orqali bolalarga ranglar, shakllar, sonlar, hayvonot olami kabi asosiy tushunchalar o‘rgatiladi. Obunachilar soni – 41,6 million. Kanaldagi umumiy ko‘rishlar soni esa 42,3 milliarddan ziyod.
Little Baby Bum kanalidagi videolarda rang, tasvir, animatsiya va ovoz uyg‘unlashib bolaning eshitish va ko‘rish idrokini rivojlantiradi. Videolardagi she’rlar, musiqalar va takroriy so‘zlar bolalarning so‘z boyligini oshirishga yordam beradi. Kichik yoshdagi bolalar uchun takror orqali o‘rganish eng samarali usullardan biridir.
Yuqorida sanalgan YouTube kanallari bolalar uchun ma’lum qadar ko‘ngilochar va foydali. Ammo, ilmiy tadqiqotlarda qayd etilishicha, 3–6 yoshdagi bolalar uchun daqiqasiga 3–4 kadr yetarli bo‘lsa, bu kanallarda kadrlar soni 10–15 dan oshadi. Bu diqqatning buzilishiga olib kelishi mumkin. Kanallar odatda yorqin, musiqiy va zavqli kontent taqdim etgani uchun bola osonlikcha ularni tark eta olmaydi. Bu psixologik qaramlik holatlarini keltirib chiqaradi. Bolalar tinimsiz shu kontentni tomosha qilishga intiladi va real dunyo bilan aloqasi sekin-asta uzila boshlaydi.

Cocomelon, Little Baby Bum va LooLoo Kids kabi YouTube kanallari vizual sifat, didaktik yondashuv va marketing nuqtai nazaridan juda muvaffaqiyatli loyihalar. Ammo ularda psixologik rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatish, ekran qaramligiga olib kelish, ijtimoiy til kabi ko‘nikmalarni cheklash kabi xavfli jihatlar ham birga yuradi.
Ushbu kanallarning kontentlar ma’nosiga alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, aksar kontentlarda real hayotdagi muammolar, ziddiyatlar, tanlovlar va oqibatlar yo‘q. Natijada bola bunday kontent orqali real hayotni emas, balki “mukammal multfilm olami”ni qabul qiladi. Bu esa uni hayotiy stressga tayyorlay olmaydi. Masalan, “Be polite”, “Be clean”, “Brush your teeth”, “Say thank you” — bu qo‘shiqlar orqali bolaga tartibni eslab qolish o‘rgatiladi, lekin u nima uchun bunday qilish kerakligi, his qilish, anglash, shaxsiy tanlov qilish tushuntirilmaydi. Bu esa bolaning axloqiy rivojida ko‘rsatma asosida bo‘ysunuvchi, ammo tanlov qilmaydigan shaxsga aylanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Psixologlarning fikricha, bolalar uchun faqatgina “YouTube Kids” platformasidan foydalanish lozim. Ota-onalar kontentni avval ko‘rib, mosligini tekshirish kerak.
Qolaversa, mahalliy kontentlarni rivojlantirish ham ayni muddao. O‘zbek tilidagi ta’limiy va tarbiyaviy kontentlar sonini oshirish, jadidlar merosi, qadriyatlar, madaniyat va axloqiy mavzularni qamrab olgan loyihalar yaratilishi lozim. Interaktiv va harakatli o‘yinlarga boy faol kontentlar ham bolani faollikka undaydi va jismoniy faoliyatiga foyda bo‘ladi.
YouTube bugungi kunda bolalar uchun nafaqat ko‘ngilochar, balki ta’limiy platformaga aylangan. Biroq, bu imkoniyatdan ehtiyotkorlik bilan foydalanilmasa, bolaning ruhiy va jismoniy rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun, raqamli madaniyat va ongli tanlov tamoyillari asosida kontentlarni nazorat qilish, bolalar psixologiyasiga mos ravishda shakllantirish zarur.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA