Koreya Respublikasida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasida G2 tasnifiga kiruvchi “Chuncheon Korea Open – 2025” xalqaro turniri yakunlandi.
Mazkur nufuzli musobaqada dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan taekvondochilar musobaqa g‘olibligi bilan bir qatorda jahon reyting ochkolari uchun bellashdi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi munosib ishtirok etib, 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza, jami 7 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Xalqaro turnirda Shuhrat Salayev vazni -87 kg. bo‘lgan taekvondochilar o‘rtasida oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, o‘z vazn toifalarida Jahongir Xudoyberdiyev, Nazarali Nazarov, Yodgorbek Jo‘raboyev va Svetlana Osipova kumush medalga ega chiqdi. Shuningdek, Sevinch Haitova hamda Diyorbek To‘xliboyev terma jamoamiz hisobiga bronza medallarini keltirdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA