O‘zbekiston bog‘dorchilik, sabzavot-polizchilik singari qishloq xo‘jaligining yetakchi tarmoqlarida boy tajriba va yuksak ilmiy salohiyatga ega. Bu, ayniqsa, keyingi yillarda soha istiqboliga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli yanada yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.
Natijada bog‘ va dala ne’matlari yetishtirish hajmi tobora ortib, ularga bo‘lgan ichki ehtiyojni to‘liq ta’minlash barobarida, eksport salmog‘i ko‘paymoqda. Qisqa davr ichida o‘rik, olxo‘ri, gilos, uzum, yong‘oq, karam, shuningdek, boshqa ko‘plab meva va sabzavotlar eksport qilish hajmi bo‘yicha mamlakatimiz dunyoda yetakchi davlatlar safidan mustahkam joy egallab borayotgani quvonarli.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu boradagi ilg‘or mamlakatlarni e’tirof etgan holda AQSHning WORLD POPULATION RIVER nashri o‘rik yetishtiruvchi mamlakatlar xaritasini e’lon qildi.
Shuningdek, Italiyaning cherrytimes.it nashri ham o‘rik yetishtiruvchi davlatlarning TOP 10 taligini e’lon qildi va bularning barchasida O‘zbekistonni yetakchi davlatlar qatorida ko‘rishimiz mumkin. O‘zbekistonda 2024 yil yakunida 527 ming tonna o‘rik yetishtirilgan. Shunday qilib, yurtimiz hamon dunyoda o‘rik yetishtirish bo‘yicha ikkinch o‘rinni egallab turibdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston uchun Xitoy – eng yirik bozorlardan biri. 2016 yili Xitoy 5,8 milliard dollarlik meva import qilgan. 2030 yilga borib, faqat gilos, olxo‘ri, uzum va o‘rik mevalari importi 1,8 milliard dollargacha o‘sishi prognoz qilingan.
Soha mutaxassislarining aytishicha, agrar soha tubdan isloh qilinib, amaliyotga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, intensiv agrotexnologiyalar qo‘llanilayotgani, dehqon va bog‘bonlar faoliyati har tomonlama rag‘batlantirib kelinayotgani tarmoq rivojida yangi ufqlarni ochib berdi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA