AQSHda sud Ilon Maskga tegishli Tesla kompaniyasiga qarshi da’voni ko‘rib chiqishni boshladi. Korporatsiyaga avtopilot rejimida harakatlangan avtomobilda halok bo‘lgan ayol sabab da’vo qo‘zg‘atilgan. Manbaga ko‘ra, gap 2019 yilda sodir bo‘lgan hodisa haqida ketmoqda. 20 yoshli qiz Tesla elektromobilida avtohalokatga uchrab halok bo‘lgan. Avtomobil avtopilot rejimida harakatlanayotgan paytda to‘xtab turgan furgonni “ko‘rmay qolgan” va katta tezlikda unga urilgan. Sud ushbu fojia uchun kim aybdorligini aniqlaydi — eng xavfsiz elektromobil ishlab chiqarishini da’vo qiladigan Tesla kompaniyasimi yoki mobil telefonini tushirib yuborgan haydovchi? Mask kompaniyasi o‘z bayonotida “avariya avtopilot tizimi bilan mutlaqo bog‘liq emas”ligini ta’kidlamoqda.
Isroil kuchlari qamalda qolgan G‘azoni bombardimon qilishda davom etmoqda. 14 iyul kuni sektorga qilingan hujumlar oqibatida 78 falastinlik halok bo‘ldi. Wafa agentligiga ko‘ra, Isroilning Rafahdagi yordam tarqatish punktiga uyushtirgan hujumi oqibatida kamida 5 kishi halok bo‘lgan. Shu bilan, Isroil va AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan G‘azo gumanitar jamg‘armasi yordam markazlarida halok bo‘lgan falastinliklarning soni 838 nafarga yetgan.
Rossiya Transport vazirligi 14 iyul kuni Moskva va Pxenyan o‘rtasida ilk bor 27 iyuldan boshlab to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar amalga oshirilishini ma’lum qildi. Nordwind Airlines aviakompaniyasi har oyda bitta reysni amalga oshiradi, parvoz vaqti esa taxminan 8 soatni tashkil etadi. Qaror “Rosaviatsiya” tomonidan ikki davlat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish ma’qullanganidan so‘ng qabul qilingan.
Ukraina bilan urushda 2025 yilning boshidan beri Rossiyaning 100 mingdan ortiq askari halok bo‘lgan. Bu haqda NATO bosh kotibi Mark Ryutte 14 iyul, dushanba kuni Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.
“Biz bu masalada kelishuvga ancha oldin erishishimiz kerak edi. Ammo (urush) hamon davom etmoqda. Har kecha odamlar halok bo‘lmoqda. Ko‘plab rus askarlari ham, ukrainaliklar ham o‘lyapti”, dedi AQSH prezidenti.
Pentagon Ilon Maskning sun’iy intellekt chatboti Grok’dan foydalanish uchun 200 million dollarlik shartnoma imzoladi. Bu haqda BBC xabar berdi. Maskning xAI kompaniyasi tomonidan 14 iyul kuni e’lon qilingan ushbu shartnoma “Grok hukumat uchun” dasturining bir qismi hisoblanadi. AQSH Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, hukumat sun’iy intellekt vositalaridan kengroq foydalanishga harakat qilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Clshil-YjEs" title="Tesla kompaniyasi avtopilot tizimi bilan bog‘liq o‘lim bo‘yicha sudlanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA