Joriy yilning 21 iyul – 4 avgust kunlari Toshkent shahridagi “Yunusobod” va Chirchiq shahrida joylashgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport majmualarida voleybol bo‘yicha 19 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida navbatdagi jahon chempionati musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Bugun mazkur jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov raisligida tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda jahon chempionatida ishtirok etish uchun yurtimizga 24 ta milliy terma jamoalarning 288 nafar sportchilari kelishi, musobaqalar davomida 42 medallar jamlanmasi uchun bahslar o‘tkazilishi ta’kidlandi.

Jahon chempionati musobaqalarini boshqarish uchun xorijiy davlatlardan 56 nafar xalqaro toifadagi hakamlar kelayotgani, ularga 50 nafar mahalliy hakamlar ko‘mak ko‘rsatishi aytildi. Musobaqa ishtirokchilarini kutib olish, ularning mashg‘ulot o‘tkazishi, harakatlanishi, salomatligini asrash, mashg‘ulot maydonlarini talab darajasiga keltirish, o‘yinlar davomida muxlislik madaniyati, musobaqa o‘tadigan zallarda kerakli shart-sharoitlarni vujudga keltirish kabi bir qator masalalar bo‘yicha tegishli tashkilot va idora mas’ullariga zarur ko‘rsatmalar berildi.

Muhokamalar davomida jahon chempionatini o‘tkazish, ishtirokchilarning xavfsizligini ta’minlash, jahon chempionatining madaniy tadbirlari, xorijiy davlat delegatlariga yurtimiz bo‘ylab turistik sayohatlar tashkil etish kabi yo‘nalishlarga javobgar mutaxassislarning hisobotlari tinglandi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga xalqaro musobaqa ishtirokchilari joylashadigan, ovqatlanadigan, tashrif buyuradigan joylar va ularning atrof-hududlarida jamoat tartibi saqlanishi, yong‘in va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash kabi bir qator masalalar bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA