Davlat byudjetining asosiy qismi soliq tushumlari asosida shakllanadi. Shu sababli ham mamlakatimizda soliq siyosati, uni amalga oshirish mexanizmlari, soliq tushumlarining o‘z vaqtida to‘lanilishi hamda ushbu zanjirning uzluksiz ishlashini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, bugungi kunda mamlakatimiz soliq tizimi avtomatlashtirilgan bo‘lib, onlayn rejim asosida faoliyat yuritadi. Mazkur jarayon nafaqat shaffoflikni ta’minlashga, balki tushumlarning joriy vaqt rejimida soliq bazasida shakllantirishga ko‘mak beradi.
Belgilangan soliqlarning o‘z vaqtida to‘lanishi esa ko‘p jihatdan soliq to‘lovchilarning mas’uliyati, madaniyatiga, qolaversa, joylardagi soliq inspektorlari tomonidan olib borilayotgan tushuntirish, targ‘ibot ishlariga bog‘liq.
Bugungi kunda mavjud muammolarni hal etish, aholiga qulayliklar yaratish maqsadida shakllangan “mahalla yettiligi” tarkibiga soliq inspektorlari ham biriktirilgan bo‘lib, ular tomonidan soliq tushumlarini o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, hozirda Andijon viloyatidagi 909 ta mahallada faoliyat olib borayotgan “mahalla yettiligi”ga 325 nafar soliq inspektori biriktirilgan bo‘lib, ularning aksariyati samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Keyingi yillarda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Andijonda ham tadbirkorlik sub’ektlarining soni kundan-kunga ortib bormoqda. Bu albatta, soliq bazasining kengayishi hamda viloyat iqtisodiyotining rivojiga zamin yaratadi.
Mamlakatimiz soliq bazasini shakllantirishda aholi soni, ishlab chiqarish salohiyati, tadbirkorlik imkoniyatlarining kengligi bilan Andijon viloyati alohida o‘rin tutadi. Xususan, joriy yilda Andijon viloyati uchun byudjet prognozi 4 trillion 612 milliard 400 million so‘m etib belgilangan bo‘lib, amalda joriy yil birinchi yarim yillik holatiga 47,3 foizga bajarildi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, soliq tushumi ko‘rsatkichlari barcha yo‘nalishlarda o‘tgan yilning ikkinchi choragiga nisbatan ortgan. Ya’ni aylanmadan olinadigan soliq 115 foizga, qo‘shilgan qiymat solig‘i 126 foizga, foyda solig‘i 152 foizga, jismoniy shaxslarning daromad solig‘i 118 foizga, yer qaridan foydalanganlik uchun soliq 188 foizga, jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari 111 foizga o‘sgan.
Andijon viloyati hududida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘tgan davr mobaynida jami 2 ming 177 ta onlayn nazorat kassa mashinalari o‘rnatilishi ta’minlandi.
Ta’kidlash joizki, bozorlar va savdo komplekslari soliq bazasini kengaytirish, soliq tushumlarining o‘sishida muhim rol o‘ynamoqda. Xususan, joriy yilning olti oyi davomida bozorlar va savdo komplekslarining savdo tushumlarini oshirish, ular faoliyatini raqamlashtirish hamda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari ish faoliyatini qonuniylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirildi.
Viloyatdagi bozorlar va savdo komplekslarini raqamlashtirish borasida Andijon tumanidagi “Kuygan yor dehqon bozori”, “Oltinko‘l dehqon bozori”, “Baliqchi tumani dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida inventarizatsiya o‘tkazildi. Bu o‘z navbatida bozorlar faoliyatini tartibga solish orqali tushumlarni o‘sishi va qo‘shimcha manbaalar shakllanishiga imkoniyat yaratdi.
Ma’lumki, qonuniy ishlaydigan har bir fuqaro daromadining ma’lum miqdorida soliq to‘laydi. Shu sababli soliq idoralari, inspektorlari tomonidan hokimliklar, mas’ul idoralar, mahalla fuqarolar yig‘inlari, tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlikda aholi bandligini ta’minlash, ishsizlikni kamaytirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, ish o‘rinlarini legallashtirish borasida joriy yilning o‘tgan davri davomida norasmiy ish o‘rinlari aniqlanib, bugungi kunga qadar 13 ming 508 nafar shaxs rasmiy ishchi-xodim sifatida ro‘yxatga olindi.
Yashirin iqtisodiyotiga barham berish, norasmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarni ro‘yxatidan o‘tkazish hisobiga yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari soni ham birmuncha ko‘paydi. Ya’ni yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari 4 ming 107 taga ortib, viloyat bo‘yicha ularning umumiy soni 52 ming 542 taga yetdi.
Fuqarolarni ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, bir yillik ish stajiga ega bo‘lishi keng tushuntirilishi hisobiga ko‘plab fuqarolar o‘zini-o‘zi band qilish tartibida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Umuman, joriy yilning o‘tgan davrida o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar 543 ming 501 nafarni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 165 ming 870 nafarga oshdi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarida dehqonchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarni dehqon xo‘jaligi sub’ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish hisobiga jami dehqon xo‘jaliklar soni 67 ming 523 taga yetdi. Joriy yilning o‘tgan davrida dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan 1 ming 769 nafar fuqaro dehqon xo‘jaligi sifatida ro‘yxatga olindi.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyatida mazkur yo‘nalishdagi ishlar tizimli amalga oshirilmoqda. Umuman, soliq to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lash, tushumlarning ortib borishi eng avvalo, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shu bois, har bir fuqaro o‘zining fuqarolik, soliq to‘lovchi sifatidagi burchlarini sidqidildan ado etishi muhimdir.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri